Dushanba kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Toshkentga keldi. Martabali mehmonni aeroportda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Gruziya hukumati matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, Irakliy Garibashvili yuqori martabali amaldorlar bilan bir qator muzokaralar olib boradi.

Gruziya hukumati rahbari yetib kelishi bilanoq “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. So‘ng sobiq TAPOiCh aviatsiya zavodi o‘rnida bugungi kunda 17 ta ishlab chiqarish obyekti joylashgan “Texnopark” bilan tanishdi.

gruziya, irakliy garibashvili

Foto: mift.uz.

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida erkin savdo rejimi mavjud. O‘zbekiston Gruziyaga asosan sanoat tovarlari, kimyo mahsulotlari, ichimliklar, avtomobillar va transport uskunalarini yetkazib beradi. Gruziya, o‘z navbatida, farmatsevtika mahsulotlari, transport uskunalari, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni import qiladi. O‘zbekiston hududida Gruziya kapitali ishtirokidagi 69 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Gruziyada O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 23 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

2017 yildan buyon mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 34,3 foizga o‘sib, 127,4 mln dollarni tashkil etdi. Lekin, ta’kidlanganidek, bu bilan chegaralanib qolinmaydi, yanada yuqori natijalarga erishish uchun mamlakatlarning o‘zaro xohish-irodasi, demakki, real imkoniyatlar mavjud.

ITSV xabarida Gruziya bosh vaziri O‘zbekistonning ulkan investitsion va sanoat salohiyatiga e’tibor qaratganini qayd etib o‘tildi.