Xalq ta’limi vazirligi Xorazm viloyatida 17 mingdan ortiq xalq ta’limi xodimlari iyun oyida olishi kerak bo‘lgan jami 80 mlrd so‘mdan ortiq mehnat ta’tili pullarini ololmayotgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

XTV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Xalq ta’limi tizimidagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar yillik asosiy mehnat ta’tiliga bosqichma-bosqich (uch bosqichda) iyun-avgust oylari davomida chiqariladi. Davlat budjetidan ushbu bosqichlar uchun mutanosib ravishda mablag‘lar ajratiladi. Respublika bo‘yicha jami 3,8 trln so‘m, jumladan Xorazm viloyati bo‘yicha 211 mlrd so‘m mablag‘ to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

XTV ta’kidlashicha, mehnat ta’tili pullari to‘lab berilmaganligi aniqlangan Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi o‘rganishlari vaqti mehnat ta’tili puli bo‘yicha to‘lov jarayonlari bilan bir vaqtda amalga oshirilgan. To‘lanmagan deb keltirilgan mablag‘lar iyul oyining boshida to‘liq to‘lab berilishi ta’minlangan, deyiladi xabarda.

Hozirgacha xalq ta’limi tizimi xodimlarining mehnat ta’tili uchun respublika bo‘yicha 3,65 trln so‘m puli berilgan. Jumladan, Xorazm viloyati bo‘yicha 203 mlrd so‘m to‘lovlar amalga oshirilgan. Hozirda uchinchi bosqichda mehnat ta’tiliga chiqqan xodimlar uchun mehnat ta’tili to‘lovlari reja asosida o‘rnatilgan tartibda amalga oshirilmoqda.