O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvilini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikka doir, eng avvalo, transport va logistika, savdo, sanoat kooperatsiyasi sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Gruziya hukumati matbuot xizmatining yozishicha, uchrashuvda «Gruziya O‘zbekistonni nafaqat muhim va ishonchli hamkor, balki do‘st sifatida ham ko‘rishi» ta’kidlangan.

Irakliy Garibashvili Shavkat Mirziyoyevga Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Foto: Gruziya hukumati matbuot xizmati.

«Tranzit salohiyatini, shu jumladan mamlakatimiz yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasini samarali ishga solish masalalariga alohida e’tibor qaratildi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston va Gruziya hududidagi erkin sanoat zonalarida yaratilgan qulay sharoitlarni hisobga olgan holda to‘qimachilik, elektrotexnika, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish va sayyohlar oqimini oshirishdan ikkala tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi, deyiladi rasmiy relizda.

Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Avvalroq, O‘zbekiston va Gruziya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolangani haqida yozgandik. Unda shuningdek, O‘zbekiston logistika markazlari va Gruziya dengiz portlaridan tovarlarni eksport qilish va import qilishda samarali foydalanish, yuklarni tashishda o‘zaro asnoda chegirmalar va imtiyozlar berish, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni bog‘laydigan transport yo‘laklari tizimini yaratish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Batumi porti tashkil etilishi uzoq tarixga borib taqaladi. Avvaliga faqat neft mahsulotlari tashuvini amalga oshirgan portga 1878 yildan boshlab 7 yil muddatga erkin port (porto-franko — tovarlarni bojsiz olib kirish va 'ksport qilish huquqi) maqomi berilgan. 1885 yildan esa uni kelgusida rivojlantirish dasturi ishga tushirilgan.

Hozirgi vaqtda portda 5 ta terminal va 11 ta kema to‘xtash nuqtalari faoliyat yuritadi. Yiliga port orqali 18 mln tonnagacha yuk o‘tkazish imkoniyati mavjud. Port floti esa 13 ta kemadan iborat. Portdan Qora dengiz orqali Turkiya, Ukraina, Ruminiya, Bolgariya, Moldova davlatlariga chiqish imkoniyati mavjud. Toshkentdan Gruziya poytaxtigacha bo‘lgan masofa esa quruqlik (Turkmaniston va Eron) orqali taxminan 3,6 ming kmni tashki qiladi. Poti porti esa Batumi portidan trassa bo‘ylab yurganda 70 km uzoqlikda joylashgan.