O‘zbekiston 2022−2030 yillarda uran qazib chiqarishni ikki baravarga, ya’ni 7100 tonnagacha ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 iyuldagi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, 2021 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda 3526 tonna uran qazib olingan.

Qaror bilan, shuningdek, 2022−2030 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini faollashtirish hisobiga uran zaxiralarining o‘sish sur’ati ko‘rsatkichlarini 4,7 ming tonnadan 10,5 ming tonnagacha (2,2 baravar) oshirish tasdiqlandi.

Qaror bilan mamlakatda uran qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 460 mln dollarlik 20 ta investitsiya loyihasi ro‘yxati tasdiqlandi.

MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda yettinchi, qazib olish bo‘yicha esa beshinchi o‘rinda turadi. Mamlakat uran mahsulotlari iste’molchisi emas va ishlab chiqarilgan barcha uran eksport qilinadi.

Yaqin vaqtgacha uran qazib olish, boyitish va eksport qilish bo‘yicha mutlaq huquq Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK)ga tegishli edi. Biroq 2019 yilning yanvar oyidan NKMKni qayta tashkil etish boshlandi va uning negizida alohida davlat aktivlari tashkil etildi. 2022 yildan beri uran «Navoiyuran» tomonidan qazib olinmoqda.