16 iyul holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan tergov harakatlari doirasida ishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan 550 dan ortiq ashyo va narsalar rasmiylashtirib olindi. Bu haqda AOKAda o‘tgan brifingda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan 274 nafar fuqaroga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Keltirilishicha, hozirda 16 nafar fuqaro tibbiy muassasalarda qolmoqda, Shuningdek, 3 nafar fuqaro ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgani bois, shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, vafot etgan. Hozirda vafot etganlarning umumiy soni 21 nafarga yetdi.

O‘z xizmat burchini bajarayotgan vaqtida tan jarohati olgan 141 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari hamda sog‘lig‘i va mulkiga zarar yetkazilgan 16 nafar fuqarolar jabrlanuvchi deb e’tirof etildi.

Ta’kidlanishicha, jinoyat sodir etgan shaxslarni fosh etishga qaratilgan tadbirlar doirasida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, belgilangan tartibda ushlangan fuqarolarning himoya huquqi advokat orqali amalga oshirishi to‘liq ta’minlangan, ularning ushlanganligi va qamoqqa olinganligi hamda saqlanayotgan joyi haqida yaqin qarindoshlariga belgilangan tartibda xabar berilgan.

«Saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar to‘la ta’minlangan. Ushlanganlarning sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, hozirga qadar fuqarolar va tadbirkorlarning mol-mulklari, davlat va ijtimoiy infratuzilma obyektlariga 3 mlrd 147 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Bosh prokuror matbuot kotibi Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqea-hodisalar yuzasidan biron-bir ma’lumotga yoki ishga aloqador ashyolarga ega bo‘lsa, ularni tergov-tezkor guruhiga taqdim etishni so‘radi.