Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Samarqandga tashrif buyurdi, prezident Shavkat Mirziyoyev uni Samarqand xalqaro aeroportida kutib oldi.


Davlat rahbarlari O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duo qilindi.


Shundan so‘ng, turkmanistonlik mehmonlar Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasini ham borib ko‘rdi. Ushbu majmua buyuk olim qurdirgan rasadxona yonida tashkil etilgan. Muzey ikki zal va olti bo‘limdan iborat. Undan Mirzo Ulug‘bek davriga oid yuzdan ziyod ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobi o‘rin olgan.

Safar davomida ikki mamlakat yetakchilari Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi va uning ruhiga Qur’on tilovat qilindi.


Mehmonlarga buyuk Sohibqironning hayoti, sarkardalik mahorati, ulkan davlati haqida so‘zlab berildi. Ma’lumki, Amir Temur o‘zi idora qilgan o‘lkalarda ilm, madaniyat, savdo va hunarmandchilikni rivojlantirgan, mustahkam obidalar qurdirgan. Xususan, hozirgi Markaziy Osiyo davlatlarida Sohibqironning merosi alohida qadrlanadi.

Tashrif chog‘ida davlat rahbarlari Registon maydoniga ham tashrif buyurdi.

Majmuadagi uch muhtasham obida — Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining tarixi haqida so‘zlab berildi. O‘zbek xalqining me’morchilik an’analari, madrasalardagi naqshlar va ulardagi ma’nolar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov shu yerda esdalik uchun suratga tushdi.


Shuning bilan Turkmaniston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunlandi. Oliy martabali mehmonni Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.