«Ko‘ksaroy» qarorgohida o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkmaniston muzokaralari yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov Qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qo‘yilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli vazifalar belgilangan.

Davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari tomonidan bitimlar imzolandi. Jami 19 ta hujjatga imzo chekildi, shular jumlasidan:

  • Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida bitim;
  • Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Amudaryo suv resurslarini boshqarish, muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risida bitim;
  • Tashabbusli ilmiy-tadqiqot loyihalarining qo‘shma tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida bitim;
  • 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi;
  • 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida dastur;
  • 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;
  • O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo zonasi — Savdo markazini tashkil etish va faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim qoidalarining amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi.

Shuningdek, kimyo tarmog‘i, bojxona, temir yo‘llar, muzeylar, adliya, yoshlarga doir siyosat, teleradioeshittirish va boshqa sohalardagi hamkorlik yuzasidan qator hujjatlar imzolandi.

Turkmaniston yetakchisi bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev jumladan shunday dedi: «Bugun biz Serdar Gurbanguliyevich bilan mazmunli, ochiq va batafsil muzokaralar o‘tkazdik, ular, shubhasiz, hamkorligimizni yangi, yanada yuqori darajaga olib chiqadi, — dedi Prezidentimiz. — Biz ikki tomonlama kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni har tomonlama muhokama qildik. Hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashdik, bu borada katta yutuqqa erishilganini qayd etdik. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, suv-energetika va gumanitar yo‘nalishlarda birgalikdagi ishimizning ustuvor jihatlarini belgilab oldik».

Davlat rahbari Turkmaniston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyoda mintaqaviy jarayonlar va ko‘p tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishi mintaqadagi barcha mamlakatlarning taraqqiyoti va ravnaqiga xizmat qilishi ta’kidlandi, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Prezidentlar ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi maqsadida bundan buyon ham birgalikda harakat qilishga tayyorligini bildirdilar.

BMT, MDH, IHT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida faol muloqotlar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston prezidenti Turkmaniston tomonini Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishda ko‘rsatgan faol ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbari turkmanistonlik hamkasbini Samarqandda o‘tkaziladigan SHHTning navbatdagi sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etishga taklif etdi.

«Ko‘p qirrali Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston bizning muhim siyosiy hamkorimizdir. Bugun savdo-iqtisodiy sheriklik masalalari batafsil muhokama qilindi, uni kengaytirish va diversifikatsiya qilishga ikkala tomon ham tayyor ekani tasdiqlandi», — dedi Serdar Berdimuhamedov.

Yakunda davlat rahbarlari keng ko‘lamli strategik sheriklikni rivojlantirish va kengaytirish, uni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish, birodar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida aniq va samarali natijalarga erishishga qat’iy intilishlarini ta’kidladilar.

Foto