Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat va munitsipal ta’lim tashkilotlari rahbarlarini tanlov asosida ishga qabul qilishni joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Tanlov markazlashtirilgan asosda Ta’lim va fan vazirligining Ta’lim sifati va axborot texnologiyalarini baholash milliy markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Tanlov g‘oliblari ushbu lavozimga besh yil muddatga tayinlanadi. Shundan so‘ng ular boshqa nomzodlar qatori umumiy asosda tanlovdan o‘tish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmon qabul qilinishi bilan besh yildan ortiq ishlagan barcha maktab rahbarlari ishdan bo‘shatilgan hisoblanadi va yangi rahbar tayinlangunga qadar o‘z vakolatlarini vaqtinchalik amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.

«Maktab faoliyatining natijasi direktorga bog‘liq. Yangi mexanizm yetarlicha sodda, tushunarli bo‘lib, insoniy va korrupsion omil va xavflarni istisno qiladi. Direktor lavozimiga da’vogar tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar to‘plamini mustaqil ravishda Ta’lim vazirligining saytiga yuklaydi», — deya xabar qildi ta’lim va fan vaziri o‘rinbosari Nodira Jusupbekova «Kabar» axborot agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Hujjatlar to‘plami ko‘rib chiqilgach, ishtirokchilar kompyuter testlariga kiritiladi. Test natijalari tugagandan so‘ng darhol e’lon qilinadi.