O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov 14−15 iyul kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidan O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, transport-tranzit salohiyatini samarali ishga solish, suv xo‘jaligi sohasida muhim loyihalarni amalga oshirish, hududlararo muloqotni faollashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini davom ettirish rejalari ham ko‘rib chiqiladi.

Davlat rahbarlari xalqaro ahamiyatga molik masalalar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashishi kutilmoqda. Sammit yakunida Qo‘shma bayonot va qator ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Turkmaniston prezidenti O‘zbekiston Oliy Majlisida uchrashuv o‘tkazishi va Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Tashrif arafasida Buxoro shahrida birinchi Hududlar forumi, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi hamda O‘zbekiston va Turkmanistonning yetakchi korxonalari ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.