12 iyul kuni NASA dunyodagi eng kuchli kosmik teleskopi James Webb («Jeyms Uebb») tomonidan koinotdan olingan birinchi to‘liq rangli suratlarni taqdim etdi.

Bu orbital teleskop tomonidan infraqizil diapazonda to‘plangan ilmiy ma’lumotlar uzatilishining boshlanishidir. Koinot teleskopi 2021 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, loyihani tayyorlash uchun 25 yil vaqt va 10 mlrd dollar sarflandi.

Hozirda teleskop Yerdan 1,5 mln km uzoqlikdagi Lagranj nuqtasi L2 (Quyosh-Yer sistemasidagi tortishish kuchlari bir-birini muvozanatlab turadigan va kichik obyektlar qolishi mumkin bo‘lgan besh nuqtadan biri) «turib turibdi». «Jeyms Uebb» tasvirlarining dastlabki beshtasida koinotning turli qismlari hayratlanarli darajada batafsil aks etgan. NASA ularga teleskop qanday ishlashi haqida tafsilotlarni ilova qilgan holda ularga chiroyli tavsiflar berib chiqqan.

Karina tumanligida (Carina Nebula) yulduzning tug‘ilishi

Mazkur peysaj — Karina yulduz turkumidagi NGC 3324 emissiya tumanligining yirik gaz pufakchasining chekkasi bo‘lib, u qizg‘in yulduz shakllanishi jarayonini boshdan kechirmoqda. Ko‘rinishidan uch o‘lchamli bo‘lib ko‘ringan rasm «Kosmik qoyalar» deb nomlanadi — va oydin oqshomdagi qoyali tog‘larga o‘xshaydi.

Tasvirdagi eng baland «cho‘qqilar» taxminan 7 yorug‘lik yili (yorug‘lik yili — yorug‘likning yulian taqvimi bo‘yicha bir yil (365,25 kun) davomida vakuumda o‘tadigan masofasi va 9,46 trln km ga teng). NGC 3324 tumanligining o‘zi Yerdan taxminan 7600 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uni janubiy yarimsharda Karina yulduz turkumi tarkibida kuzatish mumkin.

Yulduz paydo bo‘lishining eng erta va eng tez fazalarini tasvirga olish qiyin, biroq «Uebb»ning o‘ta sezgirligi, fazoviy o‘lchamlari va vizualizatsiya imkoniyatlari ushbu murakkab hodisalar xronikasini yuritishi mumkin, deya qayd etdi NASA.

Qora tuynuk evolyutsiyasi

Ushbu rasmda 1877 yilda astronomlar tomonidan kashf etilgan Pegas yulduz turkumidagi beshta vizual qo‘shni galaktikalar guruhi bo‘lgan Stiven kvinteti aks etgan. Rasm 150 milliondan ortiq pikselni o‘z ichiga oladi va 1000 ga yaqin fayldan birlashtirilgan.

Garchi ular «beshlik» deb atalsa-da, faqat to‘rtta galaktika bir-biriga juda yaqin va o‘zaro bog‘langan. Beshinchi, eng chap tomondagi galaktika qolgan to‘rttasiga nisbatan oldinroq turadi. Undan Yergacha bo‘lgan masofa «atigi» 40 mln yorug‘lik yili, qolgan to‘rtta galaktika esa taxminan 290 mln yorug‘lik yili masofasida joylashgan.

Tasvirda — millionlab yosh yulduzlarning yorqin jamlanmalari hamda yangi tug‘ilgan yulduzlarning yulduz hosil qiluvchi hududlari ko‘rinib turibdi. Gravitatsion o‘zaro ta’sirlar tufayli bir nechta galaktikalarning gaz, chang va yulduzlarning keng dumlari uzayib turibdi.

Guruhdagi eng yuqori galaktika — NGC 7319 — vazni Quyoshnikidan 24 mln marta katta bo‘lgan faol galaktika yadrosini, supermassali qora tuynukni o‘z ichiga oladi. U materiyani faol ravishda o‘ziga tortadi va 40 mlrd quyoshga teng yorug‘lik energiyasini chiqaradi.

Galaktikalarning yaqinligi astronomlarga ular orasidagi qo‘shilish va o‘zaro ta’sirni kuzatish imkoniyatini beradi, deb ta’kidlaydi NASA. Olimlar kamdan-kam holatlarda o‘zaro ta’sir qiluvchi galaktikalar qanday qilib bir-birida yulduz hosil bo‘lishini va bu galaktikalarda gazning qanday qo‘zg‘alishi jarayonini bunchalik batafsil ko‘rishadi.

Stefan kvinteti — barcha galaktika jarayonlari uchun fundamental bo‘lgan tadqiqotlar uchun «ajoyib laboratoriya"dir. Olimlar supermassali qora tuynuklarning oziqlanish va o‘sish tezligini tushunishga umid qilishmoqda.

Janubiy Rim tumanligi

«Uebb» bortidagi ikkita kamera Janubiy Rim deb nomlanuvchi NGC 3132 sayyora tumanligini suratga oldi. Chapdagi tasvir infraqizilga yaqin, o‘ngdagi tasvir o‘rta diapazonda.

Janubiy halqa Yerdan taxminan 2500 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Gaz va chang bulutlari o‘layotgan yulduz tomonidan chiqariladi. Ular ming yillar davomida tumanlik markazidagi juftlikning xiraroq yulduzi tomonidan chiqarilgan. «Uebb»ning infraqizil datchiklari tufayli tasvirlar birinchi marta yulduzning changli parda bilan qoplanganini ko‘rsatdi.

«Planetar tumanliklar o‘n minglab yillar davomida mavjud bo‘lgani sababli, tumanlik ortini tomosha qilish xuddi nihoyatda sekinlashtirilgan filmni tomosha qilish bilan barobar. Yulduz chiqargan har bir qobiq tadqiqotchilarga undagi gaz va changni aniq o‘lchash imkoniyatini beradi», deyiladi tasvir tavsifida.

Ekzosayyora atmosferasidagi suv

Webb quyoshga o‘xshash olis yulduzlar atrofida aylanib yuruvchi issiq gazli gigant sayyoralar atmosferasida suvning aniq izlari, bulutlar va tuman mavjudligini qayd etdi.

WASP-96 b — Somon yo‘lidagi (bizning Quyosh va Yerni o‘z ichiga olgan galaktika) 5000 dan ortiq tasdiqlangan ekzosayyoralardan biri. Ushbu ekzosayyora Yerdan 1150 yorug‘lik yili uzoqlikda Feniks janubiy yulduz turkumida joylashgan. Quyosh tizimida bu sayyoraning o‘xshashlari yo‘q.

Spektrografiya usuli atmosferadagi suv bug‘ining miqdori va haroratini tahlil qilish imkonini beradi.

Koinotning eng chuqur va eng aniq tasviri

Ushbu rasmni 11 iyul kuni AQSh prezidenti Jo Bayden namoyish etdi. Bu koinotning hozirgi kungacha olingan eng chuqur va eng aniq infraqizil tasviridir, deya ma’lum qildi NASA. Uni olish uchun «Jeyms Vebb» 12,5 soat davomida turli to‘lqin uzunlikdagi to‘lqinlarda uzoq galaktikalarning yorug‘ligini to‘plashi kerak edi.

SMACS 0723 galaktikalar jamlanmasi minglab obyektlardan iborat — ularning yorug‘ligi milliardlab yillar davomida Yerga yetib kelgan. Hozirda ushbu galaktikalar yer yuzidagi tomoshabin oldida juda yosh — Katta portlashdan bir mlrd yil o‘tgach paydo bo‘ladi.

«Uebb biz hatto to‘g‘ri so‘ray olmaydigan savollarga — koinotimiz va undagi o‘rnimizni yaxshiroq tushunishimizga yordam beradigan savollarga javob topishga ko‘maklashadi», — deya NASA ma’muri Bill Nelsonning so‘zlaridan iqtibos keltiradi BBC.

Teleskop tomonidan olingan ushbu kalibrlangan surat 11 iyul kuni chop etilgan. NASA buni infraqizil nurda osmonning eng chuqur tasviri deb atadi. Uni olish uchun 32 soat kerak bo‘ldi.

Tasvirda yorqin yulduzlarning oltitalik uzun aniq ajralib turgan difraksion qirralari (nurlari) «Jeyms Uebb» teleskop oynasining olti burchakli segmentlarining ta’siri hisoblanadi. Yulduzlar ortidagi yorug‘ dog‘lar — minglab xira galaktikalar deyarli butun fonni to‘ldirib turibdi.

Teleskop oynasi diametri 6,5 metrni tashkil qiladi. Oyna 18 ta tilla suvi yuritilgan olti burchakli yoziluvchi segmentlardan iborat. Teleskopda to‘rtta ilmiy uskuna mavjud: yaqin infraqizil diapazonli kamera (NIRCam), yaqin infraqizil diapazonli spektrograf (NIRSpec), o‘rta infraqizil diapazon uskuna (MIRI) va yaqin infraqizil teplovizor va yupqa ishora sensorli nursiz spektrograf.

Foto: NASA, ESA (Yevropa kosmik agentligi), CSA (Kanada kosmik agentligi) va STScI (Космик teleskop yordamida koinotni tadqiq qilish instituti).