Juma kuni Senatning 28-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Narbayeva Qoraqalpog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Senat raisi Nukusdagi odamlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan namoyishlar Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar (ular orasida Qoraqalpog‘istonning maqomi to‘g‘risidagi o‘zgartirishlar ham bor edi, prezidentning aralashuvidan keyin ular bekor qilingan) muhokamasi fonida yuz berganini ta’kidladi va «Sodir bo‘lgan bu holatda hammamiz o‘zimizga to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz va o‘z ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak», dedi.

«Aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammo va masalaning katta va kichigi bo‘lmaydi. Ularning har birini yechimi muhimdir. Har qanday kichik deb qaralgan masala o‘z yechimini topmagan taqdirda, albatta bir kuni katta muammoga aylanadi», — dedi Tanzila Narbayeva.

«Xalq vakillari sifatida bunday holatga yo‘l qo‘yilmasligi uchun birinchi navbatda biz mas’ulmiz!», — deya qayd etdi va takrorladi: «O‘z ishimizni tanqidiy qayta ko‘rib chiqishimiz lozim».

U barcha senatorlar nomidan Qoraqalpog‘istondagi voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, davolanayotgan fuqarorlarning tezroq sog‘ayib ketishinii tiladi.