Huquqshunoslar Umida Haqnazar va Ilhom Azizov, shuningdek, iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘z maqolalarida agrar islohotlarning borishini tahlil qilib, bir qator o‘z yechimini kutayotgan masalalar, xususan, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish va ularga egalik qilish huquqini himoya qilish, majburiy davlat buyurtmasi amaliyotidan voz kechish va boshqalar xususida so‘z yuritadi. Mualliflar Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilayotganda qishloq xo‘jaligi yerlarini nihoyat tijorat muomalasiga kiritish, unga egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini mustahkamlashga e’tibor qaratish lozim deb hisoblaydi.

Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni isloh qilish orqali hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020−2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi yaqin yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi. Xususan, qator vazifalar bilan birgalikda, tarmoq boshqaruvida davlatning ishtirokini qisqartirish va bozor mexanizmlarining rolini kuchaytirish, tarmoqning investitsion jozibadorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Strategiyada tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillar sifatida yerdan foydalanish huquqining yetarli darajada kafolatlanmaganligi, yer maydonlarini taqsimlashning aniq mexanizmlari mavjud emasligi, ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlarining cheklanganligi va boshqa sabablar qayd etilgan.

Shuningdek, paxta va g‘alla uchun majburiy davlat buyurtmasini bekor qilish zarurligi to‘g‘risida ham so‘z yuritilgan.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishdagi asosiy muammolar:

1. Fermer va shirkat xo‘jaliklariga qarashli qishloq xo‘jaligi yerlaridan, yer unumdorligi darajasini saqlash va oshirish nuqtai nazaridan, samarasiz foydalanilmoqda. Tuproq unumdorligi muttasil pasayib, sho‘rlanish holatlari va yerlarning degradatsiyasi yuzaga kelmoqda. Buning asosiy sabablari:

  • Yerga egalik huquqi yaxshi himoyalanmagan — yer istalgan vaqtda olib qo‘yilishi mumkin. Shu sababli, yer egalarida yerga g‘amxo‘rlik qilish va uning unumdorligini oshirish maqsadida uzoq muddatli investitsiyalar kiritishga rag‘bat yo‘q. Yerdan qisqa muddatli foyda olish uchun intensiv foydalaniladi.
  • Ekinlarni davlat buyurtmasi asosida yetishtirish bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari fermerlarni yerdan intensiv foydalanishga majbur qiladi va almashlab ekish imkoniyatlarini qisqartiradi.
  • Samarali yer egalarini tanlash va yerlarni samarali mulkdorlar foydasiga qayta taqsimlashning shaffof va oqilona mexanizmlari mavjud emas. Fermerlarga tegishli yerlar bozor aylanmasidan olib qo‘yilgan, undan foydalanish huquqini qayta sotish, uni garovga qo‘yish mumkin emas, ikkilamchi ijaraga berish imkoniyatlari cheklangan. Yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlash bozor tamoyillari asosida emas, balki mansabdor shaxslarning istaklariga binoan amalga oshiriladi. Yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlash mexanizmlari shaffof emas va korrupsiyalashgan.

2. Fermer va shirkat xo‘jaliklariga qarashli qishloq xo‘jaligi yerlaridan, yerdan foydalanishning tijoriy rentabelligini maksimallashtirish nuqtai nazaridan, samarasiz foydalanilmoqda. Davlat buyurtmasi asosidagi qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun majburiy yer kvotalari fermerlarga tuproq xususiyatlari, iqlim, suv bilan ta’minlanganlik, kadrlar malakasi, bozor konyunkturasi, xarajatlar hajmi va qiyosiy ustunlikning boshqa omillarini hisobga olgan holda ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasini optimallashtirish uchun imkon bermaydi. Aksariyat hollarda paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratilgan yerlarda boshqa ekinlarni yetishtirish samaraliroq bo‘ladi.

3. Suv resurslarining yakuniy foydalanuvchilari, shuningdek, suv infratuzilmasiga mas’ul shaxslar va tashkilotlar tomonidan suvdan oqilona foydalanish uchun samarali rag‘batlantirish vositalari mavjud emas. Natijada suv resurslarining 1/3 qismidan ortig‘i sug‘orish tarmoqlarida yo‘qotilmoqda. Sug‘oriladigan yerlarning bir necha foizigina suvni tejovchi texnologiyalar bilan ta’minlanganligi sababli undan ham ko‘proq miqdordagi suv dalalarda yo‘qotiladi.

4. Ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun yerdan foydalanish imkoniyatlari to‘liq yuzaga chiqarilmagan:

  • Me’yoridan ortiq aholi istiqomat qiluvchi agrar hududlarda ijtimoiy tanglik, bandlik va daromadlarning past darajasi hukm surgani yetmaganidek, qishloq aholisining katta qismi uchun yerdan foydalanish imkoniyati ham cheklangan.
  • Hozirgi yer egalari (fermerlar) tomonidan yer olishning tamoyillari va mexanizmlari tushunarsiz, noshaffof, ularning yerga egalik qilish huquqi qishloq aholisi nazdida qonunga ziddir.

Manba: «O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligi yerlarini taqsimlash va ulardan foydalanishni optimallashtirishning hozirgi holati va imkoniyatlari» tahliliy qaydnomasi. Toshkent, 2020. Hujjat Yevropa Ittifoqining «Qishloq xo‘jaligi vazirligiga texnik yordam ko‘rsatish» (Technical Assistance to the Ministry of Agriculture) loyihasi buyurtmasi asosida Iqtisodiy rivojlanish markazi (Center for Economic Development, Uzbekistan) ekspertlar guruhi tomonidan tayyorlangan.

Mamlakat prezidenti o‘z chiqishlarida yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni hal etish, jumladan, majburiy davlat buyurtmasini bekor qilish, yerdan ijara va ikkilamchi ijara shaklida foydalanish huquqini kengaytirish, yerlarni taqsimlashda mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlarini qisqartirish, qishloq xo‘jaligi sohasi faoliyatiga bozor mexanizmlarini joriy etish zarurligini bir necha bor ta’kidlab o‘tgan.

Islohotlar davom etmoqda, biroq muammolar hali ham saqlanib qolmoqda

Qabul qilingan bir qator qarorlarga qaramay, obyektiv (pandemiya) va subyektiv (davlat apparatining qarshiligi) sabablarga ko‘ra agrar islohotlar butunlay muzlatib qo‘yildi. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish jarayoniga davlatning sezilarli aralashuvi saqlanib qolmoqda, majburiy davlat buyurtmasi tizimi amalda hali ham mavjud, fermerlarning yerdan foydalanish huquqlari cheklangan va yetarli darajada himoyalanmagan. Bu ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi va agrar islohotlarni amalga oshirish istiqbollarini shubha ostida qoldiradi.

Majburiy davlat buyurtmasi institutining saqlanib qolishi

«Qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish» deb yuritiluvchi ma’muriy usulning hali ham amalda qo‘llanilayotganligi, shuningdek, yerlarni taqsimlashning sharti sifatida hosildorlikning me’yorlashtirilgan ko‘rsatkichlari (Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 avgustdagi 235-sonli qarori) saqlanib qolayotganligi sababli ekin maydonlarining 70 foizdan ortig‘i majburiy tartibda paxta va g‘alla yetishtirish uchun ajratilishi davom etmoqda.

Boshqacha aytganda, majburiy davlat buyurtmasi instituti amalda saqlanib qolgan va bu tarmoqning samarasizligi hamda kelgusidagi islohotlarni amalga oshirish imkonsizligining asosiy sababi hisoblanadi.

Yerdan foydalanish huquqining yaxshi himoyalanmaganligi va cheklanganligi

Hokimlarning yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlashdagi vakolatlari qisqartirilgan bo‘lsa-da, ularga bu jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini beruvchi sezilarli istisno holatlar hali ham amal qiladi (2021 yil 8 iyundagi 6243-sonli va 2022 yil 24 martdagi 91-sonli prezident farmoni). Yerlarning noqonuniy savdosi, shuningdek, yer maydonlarini fermerlardan noqonuniy olib qo‘yish amaliyoti davom etayotganligi kuzatilmoqda.

O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy tizimida o‘zaro tiyib turish va muvozanatni saqlashning samarali tizimi mavjud emasligi tufayli na sud hokimiyati, na vakillik hokimiyati, na jamoatchilik yerdan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish imkoniyatiga ega emas.

Fermer xo‘jaliklariga berilgan yerlardan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanilishi lozim, bu esa tadbirkorlik erkinligi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini tuproq va iqlim xususiyatlari, suv bilan ta’minlanganlik, kadrlar malakasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda tanlash imkoniyatini cheklaydi.

Yer maydonlari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bo‘lishi mumkin emas, bu esa sohaga samarali mulkdorlar, investitsiyalar va kreditlarni jalb qilishga imkon bermaydi.

Qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va qo‘shimchalar (2020 yil 29 sentabrdagi qonun bilan) ikkilamchi ijara institutidan foydalanishga ruxsat beradi (ilgari bu taqiqlangan edi), biroq uni qo‘llash imkoniyatlari sezilarli cheklangan. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydoni fermer xo‘jaliklariga bir yilgacha bo‘lgan muddatga (investitsiya loyihalari yoki davlat-xususiy sheriklik asosida kamida 3 yildan kam va 49 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga) ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin.

Dehqon xo‘jaligiga yer maydoni taraflarning kelishuvi asosidagi muddatga vaqtincha foydalanishga berilishi mumkin. Biroq, ikkilamchi ijaraga olingan qishloq xo‘jaligi yer maydoni oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bo‘la olmaydi.

Qishloq xo‘jaligi klasterlari bozor tamoyillariga zid ma’murchilikning yangi vositasi sifatida

Qonunchilik yerdan foydalanishning uchta shaklini nazarda tutadi: (1) fermer xo‘jaligi; 2) dehqon xo‘jaligi; va (3) kooperativ xo‘jalik (shirkatlar).

Biroq, so‘nggi yillarda to‘rtinchi shakl — qishloq xo‘jaligi klasterlari keng qo‘llanilmoqda, vaholanki, qonun hujjatlarida klasterlar yerdan foydalanish shakli sifatida belgilanmagan.

Ayni paytda, davlat fermerlarni davlat buyurtmasi asosidagi ekinlarni yetishtirishga majburlash vakolatini aynan klasterlarga topshirgan, shu bilan bir qatorda, majburlash nafaqat paxta va g‘allaga, balki boshqa ekinlarga (meva va sabzavotlarga) nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Bundan tashqari, klasterlar ayrim hollarda ilgarigidan ko‘ra kuchliroq agrotexnologiyalarni joriy etish orqali o‘zlariga biriktirilgan fermerlarning faoliyat erkinligini yuqori darajada cheklab qo‘ymoqda.

O‘zbekiston past texnologiyali to‘qimachilik mahsulotlari eksportyori hisoblanadi, ayni paytda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega va sifatli to‘qimachilik mahsulotlarini import qiladi. Paxta klasterlari paxtani asosan eksportga mo‘ljallangan kalava-ip ishlab chiqarish maqsadida sotib oladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarining 97 foizi va kalava-ipning 60 foizdan ortig‘i eksport qilinadi, shundan tayyor mahsulotlarning 60 foizi Rossiya va boshqa MDH davlatlariga, oqartirilgan va bo‘yalgan kalava-ipning 100 foizi esa Xitoy va Turkiyaga yo‘naltiriladi. Ishlab chiqarilgan kalava-ipning 90 foizi trikotaj va faqat 10 foiz qismigina gazlama to‘qish uchun mos keladi. Gazlama to‘qishga mo‘ljallangan iplar ishlab chiqarishning texnologik murakkabligi tufayli O‘zbekiston bu sohada muhim ishtirokchiga aylana olmadi. Tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga kelsak, O‘zbekistonda paxtadan asosan mahalliy aholi uchun qimmatlik qiladigan yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqariladi va ular asosan Rossiya va Sharqiy Yevropaga eksport qilinadi.

Xitoy va Turkiya singari kimyo sanoati rivojlangan mamlakatlarda raqobatbardoshroq narxlarda ishlab chiqarilayotgan, asosan sun’iy gazlamalar va bo‘yoqlardan tayyorlangan arzon mahsulotlarga nisbatan mahalliy talab yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa, asosan, ortiqcha va nuqsonli mahsulotlarni ichki bozorga sotadi. («O‘zbekistonda to‘qimachilik klasteri uchun texnik-iqtisodiy asoslash» hisoboti ma’lumotlari, Price Waterhouse Coopers Central Asia va Caucusus B.V. (PwC) tomonidan Ajlan & Bros. uchun tayyorlangan, 2019 yil.)

Bug‘doyga kelsak, iqlim shart-sharoitlari sababli yetishtiriladigan mahalliy bug‘doy non ishlab chiqarishga yaroqli emas. Mahalliy bug‘doydan tayyorlangan deyarli barcha mahalliy unlar faqat past sifatli qolipli non (buxanka) ishlab chiqarish uchun yo‘naltiriladi. Natijada katta miqdordagi non chiqindilari kuzatilmoqda va mahalliy undan tayyorlangan arzon qolipli nondan chorva ozuqasi sifatida foydalanilmoqda (bu chorva uchun ham zararli).

Klasterlarning raqobatbardosh afzalliklari asosan fermerlarni muayyan ekinlarni yetishtirishga majburlash, yetishtirilgan hosilni qat’iy belgilangan narxlarda sotish, elektr energiyasi, gaz, suv tariflarining arzonligi, shuningdek, to‘qimachilik fabrikalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning past darajasi kabi nobozor omillar asosiga qurilgan.

Davlat (barcha ko‘rinishlardagi) majburiy davlat buyurtmasidan voz kechsa, ish haqi o‘sishni boshlasa, elektr energiyasi, suv va gaz uchun subsidiyalar qisqartirilsa yoki ularga chek qo‘yilsa, klasterlar o‘zlarining raqobatdosh ustunliklarini yo‘qotadilar va yuqori ehtimollik bilan ularning aksariyati raqobatga dosh berolmay qoladilar.

Bundan kelib chiqadiki, so‘nggi yillarda tashkil etilgan «qishloq xo‘jaligi klasterlari» — bu davlat-monopoliya boshqaruvining faqatgina sun’iy ravishda yaratilgan sharoitlarda yashab qolishga qodir bo‘lgan yaqqol samarasiz shakli bo‘lib, ularning ishlash tamoyillari agrar islohotlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi masalalarida yangi tahdidlar va risklar

Qishloq xo‘jaligining «klasterlashuvi» ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq bir qator tahdid va risklarni kuchaytirdi.

Klasterlarga biriktirilgan fermerlarning yerlari klasterlarning mulki hisoblanmaydi va ular tomonidan qimmatli aktiv sifatida qaralmaydi. Shuning uchun ularda yerning unumdorlik va sifat darajasini saqlash yoki oshirish maqsadlari uchun uzoq muddatli investitsiyalar kiritishga hech qanday rag‘bat yo‘q. Shunga qaramay, ular bu yerdan maksimal darajada foydalanishdan manfaatdor.

Bundan tashqari, paxta va bug‘doyga asoslangan monokulturaning saqlanib qolayotganligi mahsulot turlarini ko‘paytirish imkoniyatini cheklaydi, bu esa mamlakat oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi.

Ishlab chiqarish hajmini oshirishga urg‘u berilishi qishloq xo‘jaligi klasterlarini tuproq holati va almashlab ekish amaliyotini hisobga olmasdan, kimyoviy o‘g‘itlar va zararkunandalarga qarshi kurash vositalaridan ortiqcha foydalangan holda hosildorlikni oshirishga undaydi. Kimyoviy moddalar va pestitsidlardan nazoratsiz foydalanish tuproqni quritadi va mikroorganizmlarni tabiiy yashash muhitidan mahrum qiladi. Bundan tashqari, sug‘orish va tuproqni yuvish uchun foydalaniladigan suv ifloslanmoqda.

Biologik o‘g‘itlardan foydalanish tegishli qisqa muddatli samarani bermayapti va ularga bo‘lgan talab tobora pasayib bormoqda. Respublikada 1000 dan ortiqni tashkil etgan biologik laboratoriyalar soni klasterlar faoliyati davomida 600 tagacha qisqargani ularga bo‘lgan talab kamayganidan dalolat beradi.

Tuproq holatining yomonlashuvi va ifloslanishi, suvning ifloslanishi nafaqat bevosita paxta va g‘alla yetishtiriladigan yer maydonlarida, balki boshqa barcha sug‘oriladigan yerlarda ham yuzaga kelmoqda. Tuproq muhim mikroelementlari: harakatlanuvchi fosfor (me’yordan 93 foiz past), almashinadigan kaliy (me’yordan 68,3 foiz past), chirindini (me’yordan 70,3 foiz past) yo‘qotmoqda.

Ko‘plab mamlakatlarda allaqachon taqiqlangan xlororganik pestitsidlardan uzoq muddat foydalanish natijasida DDT, DDD, DDE, GHSG kabi ular orasidagi eng zararlilarining konsentratsiyasi me’yordan sezilarli darajada oshib ketgan. Ularni tuproqdan chiqarib tashlash uchun (ko‘pchiligi 100 yildan ortiq vaqtdan beri saqlanib kelmoqda) ilmiy yondashuv, birinchi navbatda, monokulturadan voz kechish, tuproqni mikroelementlar bilan boyitish imkonini beruvchi almashlab ekishdan foydalanish talab etiladi. (O‘zbekiston Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi huzuridagi Agrokimyo ilmiy markazining 2021 yil uchun hisoboti ma’lumotlari).

Bugungi kunga kelib O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan 72 ta faol moddadan 43 tasi (60 foizdan ortig‘i) Yevropa Ittifoqida foydalanish taqiqlangan moddalardir. Bu shuni anglatadiki, ushbu pestitsidlar vositasida ishlov berilgan bog‘dorchilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga va Alimentarius Kodeksi qo‘llaniladigan boshqa ko‘plab mamlakatlarga eksport qilib bo‘lmaydi. (FAO/JSST Xalqaro komissiyasi tomonidan qabul qilingan oziq-ovqat mahsulotlariga oid standartlar va qoidalar kodeksini joriy etish bo‘yicha xalqaro oziq-ovqat standartlari to‘plami).

Aholi salomatligiga zarar yetkazilmoqda, sababi pestitsidlar va o‘g‘itlarning ruxsat etilgan chegaraviy miqdori me’yordan ortiq bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilish salomatlik uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib keladi, xususan, yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shu jumladan, onkologik kasalliklarning avj olishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Mineral o‘g‘itlar agrokimyoviy xarita asosida qo‘llanilmaydi. Natijada:

  • qo‘llanilayotgan mineral o‘g‘itlar miqdori belgilangan ilmiy asoslangan me’yorlardan yuqori;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida nitratlarning ruxsat etilgan chegaraviy qoldiq miqdori (MPC) yuqori;
  • ifloslangan mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida aholi salomatligiga zarar yetkaziladi, sababi MPC me’yoridan oshib ketganda pestitsidlar surunkali toksik ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Pestitsidlar bilan ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlarini uzoq muddat iste’mol qilish surunkali zaharlanishni keltirib chiqaradi, bunga ko‘pincha ovqat hazm qilish tizimi (jigar, oshqozon), yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, reproduktiv funksiyaning yomonlashishi va ehtimoliy onkologik kasalliklar hamrohlik qiladi;
  • eksport bilan bog‘liq to‘siqlar yuzaga keladi, sababi yuqori MPC`ga ega mahsulotlar ko‘plab mamlakatlarda qabul qilinmaydi.

Respublikada zarur toksikologik laboratoriyalar (pestitsidlarni tahlil qilish uchun) mavjud emas, bu esa salbiy oqibatlarga olib keladi:

  • meva va sabzavotlar tarkibidagi pestitsidlar, og‘ir metallar tuzlarining MPC miqdoridan oshib ketishi;
  • tuproqning ifloslanishi;
  • eksport qilinadigan mahsulotlarni import qiluvchi davlat me’yorlariga muvofiq MPC`dan oshib ketganlik predmeti sifatida verifikatsiya qilishning mumkin emasligi va import qiluvchi davlatning sotib olishdan bosh tortishi, bu, o‘z navbatida, mamlakat obro‘siga putur yetkazadi, taqiq o‘rnatilgan mamlakatga eksportni qayta tiklash qobiliyatining uzoq muddatga yo‘qotilishiga olib keladi.

Ko‘rinib turibdiki, tuproq sifatini qayta tiklash, o‘simliklarning yangi navlarini yaratish, biologik xilma-xillik va meva-sabzavotlarning an’anaviy xo‘jalik navlarini qayta tiklash, yer, suv kabi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, agrotexnika va biologik o‘g‘itlarni to‘g‘ri qo‘llash yerdan foydalanuvchilardan bilim, investitsiyalar, foydalanish madaniyatining o‘zini o‘zgartirish va yerga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni talab qiladi. Bu fermerlar iqtisodiy mustaqillikka erishgan hamda yerdan foydalanish huquqining mustahkam kafolatlariga ega bo‘lgan taqdirdagina mumkin bo‘ladi.

Amaldagi yerdan foydalanish mexanizmlari bunday imkoniyat va kafolatlarni ta’minlamaydi. Hozirda Yer kodeksiga va yerdan foydalanish huquqlarini liberallashtirish bo‘yicha boshqa qonun hujjatlariga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar, manfaatli qo‘shimchalarni o‘z ichiga olganligiga qaramay, hali yetarli emas va yer munosabatlari sohasini samarali isloh qilish uchun zarur bo‘lgan strategik muhim o‘zgarishlarni nazarda tutilmagan.

Agrar islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishlari va chora-tadbirlari

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, quyidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur:

1. Majburiy davlat buyurtmasidan butunlay voz kechish, shu jumladan, «qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish», hosildorlik ko‘rsatkichlarini me’yorlash va fermer xo‘jaliklarining, korrupsiya manbai hisoblangan, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid bo‘lgan, klasterlar bilan majburiy shartnoma tuzish amaliyoti hamda yer va suvdan noratsional foydalanish amaliyotiga chek qo‘yish.

2. Paxta va bug‘doyning erkin bozorlarini shakllantirish.

3. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun resurslar va xizmatlarning erkin va raqobatbardosh bozorlarini shakllantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, jumladan, nobank tashkilotlar vositasida moliyalashtirishni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish.

4. Qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik qilish huquqini mustahkamlash, jumladan:

  • Yerlarni taqsimlash va qayta taqsimlashda mahalliy hokimiyat organlarining huquqlarini cheklash.
  • Dehqon va fermer xo‘jaliklarining «mulk huquqlari» ni, shu jumladan, mulk yoki ijara huquqini qayta sotish huquqlarini kengaytirish; yer yoki unga egalik qilish huquqidan kredit olish uchun garov sifatida foydalanish; ishchi kuchini doimiy asosda yollash (dehqon xo‘jaliklari uchun); shuningdek, ijara muddatini uzaytirishning aniq qoidalarini, shu jumladan, ijara qoidalari buzilmagan taqdirda muddatni avtomatik uzaytirishni joriy etish.
  • Muddatsiz ijara va ikkilamchi ijara huquqini kengaytirish (muddatlar shartnomaga muvofiq belgilanadi).
  • Qishloq xo‘jaligi yerlariga nisbatan xususiy mulkchilik institutini joriy etish. Dehqon xo‘jaliklari uchun qishloq xo‘jaligi yerlariga egalik huquqini joriy etish bu yo‘nalishdagi ilk qadam bo‘lishi mumkin.
  • Qishloq xo‘jaligi yerlarini xususiy mulk sifatida yoki uzoq muddatli himoyalangan ijaraga berish orqali xususiylashtirishni amalga oshirish.
  • Yerlarni yangi mulkdorlarga berishning shaffof va samarali qoidalarini, shuningdek, yer maydonlarini ikkilamchi qayta taqsimlash qoidalarini shakllantirish va joriy etish. Yer maydonlarini xususiylashtirish yoki uzoq muddatli ijaraga berish, shuningdek, huquqlarni qayta sotish to‘lov, oshkoralik va ijtimoiy adolat tamoyillari asosida amalga oshirilishi zarur. Yer uning uchun ko‘proq haq to‘lashga tayyor bo‘lganlarga berilishi lozim. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududlar aholisining me’yoridan ortib ketishi va buning natijasida kelib chiqadigan ijtimoiy tanglik hisobga olinishi kerak. Shu boisdan, yangi mulkdorlarga beriladigan yer maydonlarining hajmiga cheklovlar joriy etish, yangi mulkdor tomonidan yer maydonining qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lashni nazarda tutish taklif etilmoqda. Dehqon xo‘jaliklari mos ravishda o‘z egalari tomonidan imtiyozli shartlarda xususiylashtirilishi lozim. Qishloq xo‘jaligi yerlarining qolgan qismi xususiylashtirilishi yoki asosan mahalliy aholi o‘rtasida tashkil etiladigan elektron auksionlar orqali uzoq muddatli ijaraga berilishi zarur.
  • Davlat yer kadastri tizimida yer va yer maydonlarini tasniflashni jadallashtirish. Dehqon xo‘jaliklari toifasidagi yerlarni ikkilamchi tasniflashni amalga oshirish.

5. Qishloq va suv xo‘jaligi sohalarini davlat tomonidan tartibga solish tizimini isloh qilish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini yaratish, jumladan:

  • suvni iste’molchilarga yetkazib berish xarajatlarini hisobga olgan holda suvdan to‘lov asosida foydalanishning bozor tamoyillarini, shuningdek, suvdan foydalanish huquqini qayta sotish mexanizmlarini joriy etish;
  • davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan keng foydalangan holda irrigatsiya va melioratsiyani boshqarish tizimini isloh qilish;
  • qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan qayta qurish: kreditlash, sug‘urtalash, irrigatsiya infratuzilmasini moliyalashtirish, sohani ilmiy tadqiqotlar va axborot-konsalting vositasida qo‘llab-quvvatlash va boshqalar.

6. Pestitsidlarni tartibga solish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan:

  • O‘zbekiston hududida foydalanishga ruxsat berilgan pestitsidlar va o‘g‘itlarni ro‘yxatga olish qoidalarini to‘liq yangilash. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSh va boshqa potensial eksport bozorlarida aholi salomatligi uchun zararli hisoblanib, taqiq o‘rnatilgan pestitsidlardan voz kechish.
  • Pestitsidlardan foydalanish sohasida amaldagi me’yorlar (SanPin, GOSTlar va boshqalar), ularning parametrlari va boshqalarni Alimentarius Kodeksi parametrlari bilan muvofiqlashtirish.
  • Pestitsidlarni qo‘llash qoidalari va IPM (zararkunandalarga qarshi kurashni boshqarishning integratsiyalashgan tizimi) GAP (munosib qishloq xo‘jaligi amaliyotlari) usullari bo‘yicha yangi qonun hujjatlarini qabul qilish.
  • Yangi qoidalarning qo‘llanilishini nazorat qilish va tekshirish.
  • Fermerlar va nazorat qiluvchi organlarni zararkunandalarga qarshi kurashni boshqarishning integratsiyalashgan tizimini qo‘llash bo‘yicha keng qamrovli o‘qitishni tashkil etish, fermerlar uyushmalari tomonidan fermerlar uchun maslahat xizmatlarini (advisory services, extention services) rivojlantirishga ko‘maklashish.

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida

Yerdan foydalanish masalalariga mamlakat Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o‘zgartirishlar ham ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasiga (amaldagi tahriri) ko‘ra, yer umummilliy boylik bo‘lib, undan oqilona foydalanish zarur va u davlat muhofazasidadir. Bu doktrina davlatning umummilliy mulkni «muhofaza qilishi» va «boshqarishi» ni nazarda tutadi. Bu, shuningdek, davlatning xalqqa xizmat qilishini, yer va boshqa milliy tabiiy boyliklar esa davlatning ishonchli boshqaruvida bo‘lishini anglatadi, davlat yerni oldi-sotdi natijasida qo‘lga kiritadigan holatlar bundan mustasno (Fuqarolik Kodeksining 182-moddasi).

Fuqarolik Kodeksining 164-moddasi ta’rifiga ko‘ra, «Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir».

Konstitutsiya 55-moddasining muhokamaga kiritilgan yangi tahriri quyidagicha:

«Yer, yer osti boyliklari, suv, atmosfera havosi, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat mulkida bo‘ladi. Yer qonunda nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda xususiy mulk ham bo‘lishi mumkin.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi.

Tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishi lozim va ular davlat tomonidan muhofaza qilinadi".

Taklif etilayotgan tahrir davlatni qishloq xo‘jaligi yerlarining yagona egasiga aylantiradi va qishloq xo‘jaligi yerlariga nisbatan xususiy mulkchilik imkoniyatini butunlay istisno qiladi hamda yerga nisbatan mustahkam huquqlarni belgilash imkoniyatlarini ushbu moddaning amaldagi tahriridagi qoidadan ham ko‘proq cheklashni taklif qiladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarining ham savdo aylanmasida faol ishtirok etishi juda muhim. Bunga, birinchi navbatda, himoyalangan yerga egalik huquqini, shuningdek, xususiy mulk huquqini ham, uzoq muddatli ijara va ikkilamchi ijaraga bo‘lgan huquqlarni ham kafolatlash orqali erishiladi. Yerga beqaror va himoyalanmagan egalik huquqi sharoitida yer va suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish mumkin emas.

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida yerga, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan mulk huquqi faqat yagona mulkdor sifatida davlat bilan cheklanmaydi. Shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda davlat yer bozorida tijoriy qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirish maqsadida ishtirok etmaydi, faqatgina yer munosabatlari sohasida jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tartibga solish funksiyalarini saqlab qoladi.

Bundan tashqari, yerning savdo aylanmasida to‘liq ishtirok etishi kapitallashuv uchun muhim moliyaviy aktiv sifatida boshqa bozorlarning rivojlanishiga ham imkon yaratadi (masalan, moliyalashtirishni ta’minlash, shuningdek, iqtisodiyotning ushbu sektoridagi kompaniyalar uchun korporativ qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish uchun).

Maqola mualliflari 55-modda loyihasining ikkinchi bandidan voz kechishni taklif qilmoqdalar: «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar, o‘rmon fondi davlatga tegishli bo‘lib, tadbirkorlik subyektlariga ijara shartnomalari asosida ajratiladi».

Mualliflar ushbu masalalarni ochiq muhokama qilishga tayyor, shuningdek, qonunchilikka kiritilishi zarur bo‘lgan asosiy qoidalar bo‘yicha batafsilroq va aniq takliflar berishga tayyor.

Mualliflar fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.