Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 6 iyul kuni tushdan boshlab fuqarolar ko‘ngil aynishi, qusish, bosh og‘rig‘i va ich ketishi shikoyatlari bilan murojaat qila boshladi.

Kasallik sabablari o‘rganilganda, ular bir kun avval «FRESH FOOD 2020» oilaviy korxonasiga qarashli ovqatlanish shaxobchasidan «nonburger» iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati.

Soat 23:00 ga kelib shifoxonaga jami 37 kishi murojaat qilgan. Shundan 20 nafari tibbiy kuzatuvga olinib, uyiga ruxsat berilgan, 17 nafari davolanmoqda. Bemorlarning umumiy axvoli qoniqarli. Ularga «o‘tkir gastroenterit» tashxisi qo‘yildi.

Umumiy ovqatlanish shaxobchasida epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda, mahsulotlardan namunalar olindi. Korxonaning uchta punkti vaqtincha yopilgan.