2022 yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida «103» xizmatiga respublika bo‘yicha jami 6 mln 245 ming 280 ta chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

«Tez yordam» chaqirganlarning 570 ming 817 nafari shifoxonalarga gospitalizatsiya qilindi.

Eng ko‘p murojaatlar:

  • Farg‘ona — 719 341 ta;
  • Andijon — 666 206 ta;
  • Toshkent viloyati — 623 095 ta;
  • Toshkent shahri — 622 578 ta hissasiga to‘g‘ri keldi.

O‘tgan yilning yanvar-iyun oylarida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 5 mln 811 ming 380 ta chaqiriq kelib tushgan edi. Bu yil ularning soni 433,9 mingtaga ko‘paygan.

Shuningdek, o‘tgan olti oyda «Tez yordam»ga koronavirusga chalingan va kasallikka gumon qilingan bemorlar bo‘yicha 11 ming 157 ta chaqiriq kelib tushdi. Bu haqda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda O‘zbekistonda kasallanish holatlari va «103» xizmatiga murojaatlar soni ortishi kuzatilmoqda. Shu bois ayni paytda mamlakat bo‘ylab ixchamlashtirilgan tez tibbiy yordam brigadalari tashkil etilyapti. Bu esa chaqiruv manzillariga o‘z vaqtida yetib borish va kechikishlarning oldini olishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.