5 iyul kuni AQSh Davlat departamenti spikeri Ned Prays 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan bayonot berdi.

«Qo‘shma Shtatlar Qoraqalpog‘istondagi so‘nggi voqealar yuzasidan xavotirini bildirib, barcha taraflarni zo‘ravonlikdan tiyilib, ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqiradi», — deyiladi bayonotda.

«Qurbonlarning oilalariga ta’ziya bildiramiz. Biz shuningdek, jarohat olganlarga ham o‘zimizning hamdardligimizni bildiramiz», — dedi Ned Prays.

U AQSh «O‘zbekistonning demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashi» va hukumatni «insonning barcha fundamental huquqlarini, shu jumladan O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq, tinch yig‘ilish va fikr bildirishn erkinligini himoya qilishga» chaqirishini bayon qildi.

«Biz rasmiylarni zo‘ravonliklar bo‘yicha xalqaro me’yor va ilg‘or tajribalarga mos keladigan to‘liq, ishonchli va shaffof tarzda tergov o‘tkazishga chaqiramiz», — deya qayd etdi Davlat departamenti vakili.

U so‘zining yakunida AQSh «O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi.