Prezident Shavkat Mirziyoyev arxitektura, qurilish va shaharsozlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Bu yerda sodir bo‘lgan noxush voqealar barchamizda tashvish va iztirob uyg‘otishi tabiiydir. Nukus shahrida yuz bergan voqealar natijasida, afsuski, bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi va jabr ko‘rdi. Shu munosabat bilan o‘z yaqinlarini yo‘qotgan oilalarga chin yurakdan hamdardlik bildiraman. Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilayman», — dedi prezident.

«Mana shunday daqiqalarda tinchlik va inson hayoti naqadar bebaholigini, uni asrab-avaylash naqadar muhim ekanini, bunga barchamiz mas’ul ekanimizni yanada chuqur his etamiz», — dedi u.

«Albatta, bu voqealar bir kunda yoki o‘n kunda tashkil qilingan emas. Bu harakatlarga chetdagi g‘arazli kuchlar tomonidan yillab tayyorgarlik ko‘rilgan. Ularning asl maqsadi O‘zbekistonning hududiy yaxlitligiga tajovuz qilish va millatlararo nizo keltirib chiqarishga qaratilgan», — deya qo‘shimcha qildi u.

Prezidentning ta’kidlashicha, bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona tergov qilish uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari boshchiligida tergov va surishtiruv guruhi ish olib bormoqda.

Davlat rahbari, shuningdek mazkur «jarayonga xolis tomonlarni, ya’ni, jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollarni ham jalb qilish zarurligini» aytdi. «Shuning uchun, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga topshiriq — har bir holat chuqur va xolisona o‘rganilsin va voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilsin», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev kuch tuzilmalarining harakatlari ham chuqur tahlil qilinishi va agar ular tomonidan noto‘g‘ri kuch ishlatilgan bo‘lsa, amaldagi qonunchilikka asosan ularning ham jinoiy javobgarligi ta’minlanishini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, hozirga kelib Qoraqalpog‘istondagi vaziyat izga tushmoqda. «Eng asosiysi, aholining tinchligi va hayotiga hech narsa xavf solayotgani yo‘q. Iqtisodiyot tarmoqlari ishlamoqda. Odamlar kundalik ishlari va yumushlari bilan band», — dedi u.

Prezident davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik vakillari va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari tomonidan hududda barqaror vaziyatni ta’minlash bo‘yicha uyushgan va muvofiqlashgan holda ish olib borilayotganini ma’lum qildi.