BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet O‘zbekiston rasmiylari xabar bergan Nukusdagi namoyishlar paytida kamida 18 kishining vafot etganini «operativ tarzda, mustaqil va shaffof tergov qilish»ga chaqirdi. Uning bayonoti 5 iyul kuni e’lon qilingan.

Vafot etganlar shaxsi hozirgi vaqtda aniq emasligini ta’kidlagan holda, komissar manbani keltirmasdan halok bo‘lganlar o‘qdan yaralangani haqidagi ma’lumotlarni keltirdi. Shuningdek, u halok bo‘lganlar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida xavotir bildirdi.

4 iyul kuni Milliy gvardiya 1 va 2 iyul kungi namoyishlar vaqtida 243 kishi jabr ko‘rganligini, ulardan 94 nafari shifoxonada qolayotganligini ma’lum qildi. Halok bo‘lgan 18 kishidan 13 nafari alkogol yoki narkotik modda ta’siri ostida bo‘lgani aytildi. Vafot etganlarning to‘rt nafari harbiy xizmatchilar bo‘lgan, deya aniqlik kiritidi 5 iyul kuni Milliy gvardiya.

Mishel Bachelet namoyishlar paytida zo‘ravonlik bo‘lgani haqidagi xabarlarni «xavotirli» deb atadi va rasmiylarni «ochiqlikni ta’minlash uchun zudlik bilan noqonuniy harakatlar bo‘yicha har qanday bayonotlarni shaffof va mustaqil tergov qilishni boshlashga» chaqirdi.

«Insonlar o‘z huquqlarini amalga oshirganliklari uchun jinoiy ta’qibga uchramasliklari kerak, — deya ta’kidladi Mishel Bachelet. — O‘zbekiston a’zo-davlat hisoblanadigan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga binoan, har bir kishi so‘z erkinligi, tinch yo‘l bilan yig‘ilish va jamoatchilik faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega».

U qo‘lga olingan barcha shaxslar zudlik bilan advokatga murojaat qilish imkoniyati hamda ularga nisbatan tegishli huquqiy tartib va adolatli sud ko‘rib chiqishi bilan ta’minlanishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Mishel Bachelet hukumatni internetga cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi. U «ushbu chora tanlab bo‘lmaydigan xarakterga ega ekanligini va boshqa huquqlar qatorida so‘z erkinligi va ma’lumotdan foydalanish kabi bazaviy huquqlarga keng ta’sir qilishini» ta’kidladi.