2022 yil 5 iyul kuni soat 16:20 atrofida O‘zbekiston bilan chegaradosh hududda Afg‘oniston hududidan uchib kelgan deb taxmin qilingan beshta reaktiv snaryad qulagani qayd etildi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

«Qayd etish joizki, snaryadlar tushganda portlashlar sodir bo‘lmagan, buning natijasida inson qurbonlari va vayronagarchiliklar kuzatilmagan», — deyiladi TIV xabarida.

«Termiz shahridagi „Majnuntol“ mahallasida joylashgan to‘rtta xususiy uyga ozroq zarar yetgan, beshinchi snaryad futbol maydonidan topilgan. Topilgan snaryadlar sapyor bo‘linmasi tomonidan zararsizlantirildi», — deya ta’kidlaydi Tashqi ishlar vazirligi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonning vakolatli organlari afg‘on tomoni bilan mazkur hodisa sabablarini aniqlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.