Qoraqalpog‘istondagi voqealar O‘zbekistonning ichki ishi, Kreml mamlakat rahbariyati faollik bilan muammolarni hal etilishiga shubha qilayotgani yo‘q, deya ma’lum qildi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«O‘zbekiston bizning ittifoqchimiz, u do‘st mamlakat, juda muhim hamkorimiz. O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan hamma narsa shu davlatning ichki ishidir va biz shubha qilmaymizki, respublika rahbariyatining aktiv faoliyati bilan mavjud muammolar hal qilinadi», — dedi Dmitriy Peskov.

Shuningdek, RIA Novostining Rossiya TIVdagi manbasi ham Qoraqalpog‘istondagi voqealarni O‘zbekistonning ichki ishi deb hisoblashi, vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «hokimiyat o‘z xalqini hurmat qilgan holda, malakali ishlamoqda». Provokatsiyalarning oldini olish uchun yetarli kuchlar bor, degan Rossiya TIVdagi manba.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston TIV qo‘shni qardosh O‘zbekistondagi voqealarni tashvish bilan qabul qilgani va mamlakat rahbariyatining Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.

Keyinroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston yetakchisi Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Qozog‘iston prezidenti Qoraqalpog‘istonda «barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi».