4 iyul kuni YUNISEF O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligiga «Maktabgacha ta’lim muassasalarida tibbiy yordamni tashkil etish» nomli 8100 ta uslubiy yo‘riqnomani topshirdi, deya xabar bermoqda BMT Bolalar jamg‘armasi matbuot xizmati.

Ushbu material maktabgacha ta’lim muassasalarining tibbiyot xodimlari uchun qo‘llanma bo‘lib, ularning asosiy faoliyatini qamrab oladi. Unda to‘g‘ri gigiyena, ovqatlanish qoidalari va profilaktika choralari, jumladan, immunizatsiya bo‘yicha ma’lumotlar jamlangan, deyiladi xabarda. Unda bolalarning o‘sishi va rivojlanishini nazorat qilish, sog‘lom turmush tarzi odatlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.


YUNISEF yo‘riqnomani Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining tibbiyot xodimlarini bolalar uchun xavfsiz va sog‘lom sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish maqsadida ishlab chiqdi.

«Sog‘liqni saqlash maktabgacha yoshdagi bolalar uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lib, hayotdagi ko‘plab natijalarga ta’sir qiladi. Shuning uchun ham bunday yordamni tizimli ravishda boshqarish uchun sarmoya kiritishimiz muhim», — dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

«Bolalar hayotining ushbu davri kelajakdagi barcha ijtimoiy, aqliy, jismoniy va kognitiv rivojlanish uchun asos yaratadi. Dastlabki yillar ta’limdagi yutuqlar, iqtisodiy samaradorlik, mas’uliyatli fuqarolik va kelajak avlodning umr davomidagi salomatligining poydevorni ta’minlagani bois bolalikning dastlabki yillari muhim ahamiyat kasb etadi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlari salohiyatini oshirishning navbatdagi bosqichi sifatida, YUNISEF Maktabgacha ta’lim vazirligini onlayn ta’lim dasturini ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatladi. Bu dastur qisqa vaqt ichida 8000 dan ortiq hamshiralarni qamrab olib, ularni o‘qitish imkonini beradi.