Yevropa Ittifoqi Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan namoyishlar bo‘yicha rasmiy bayonotini e’lon qildi.

«Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga taklif etilgan o‘zgartirishlar e’lon qilingani ortidan Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan zo‘ravonlik voqealarini ochiq va mustaqil ravishda tergov qilishga chaqiradi. Biz odamlar orasida qurbonlar borligidan chuqur afsusdamiz va voqealar rivojini yaqindan kuzatishda davom etmoqdamiz», — deyiladi bayonotda.

«Biz taklif qilingan konstitutsion o‘zgarishlar bo‘yicha jamoatchilik xavotirlariga prezident Mirziyoyev tomonidan tezkor reaksiya bildirilganini e’tirof etamiz. Biz barcha tomonlarni vaziyat keskinlashuvi yoki zo‘ravonliklar davom etishining oldini olish uchun o‘z harakatlarida vazmin bo‘lishga chorlaymiz», — deya ta’kidlaydi Yevroittifoq.

Yevropa Ittifoqi rasmiylarni O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga muvofiq inson huquqlarini, jumladan so‘z erkinligi va yig‘ilish erkinligi kabi fundamental huquqlarni ta’minlashga chaqirdi.

«Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston bilan kuchli va rivojlanib borayotgan hamkorlik munosabatlariga ega. Biz O‘zbekistonning islohotlar bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz hamda ushbu islohotlar jarayonini xalqaro normalar va ilg‘or tajribalar asosida, fuqarolar va manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashgan holda davom ettirishga chaqiramiz», — deya qayd etiladi bayonot so‘ngida.

Oldinroq prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqoti qilganligi haqida xabar bergan edik. Sharl Mishel Nukusdagi namoyishlarda qurbon bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Qolaversa, u vaziyatni ba’zi buzg‘unchi kuchlar tomonidan izdan chiqarilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.