Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalapog‘istondagi vaziyat yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

«O‘zbekiston — Qozog‘istonning qardosh qo‘shnisi, ishonchli ittifoqchisi va strategik sherigi. Shuning uchun Qozog‘istonda do‘st qo‘shni mamlakatdagi voqealarni xavotir bilan qarshi olishdi», — deyiladi munosabatda.

«O‘zbekiston oliy rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qarorlarini olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, birodar O‘zbekistonda muhim siyosiy tadbir — Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum arafasida tinchlik va barqarorlik qaror topadi», deyiladi xabarda.

TIV Qozog‘iston O‘zbekiston bilan abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomalar (1998 yil 31 oktabr) va Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomalar (2013 yil 14 iyun) hamda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya (2021 yil 6 dekabr) doirasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash jarayoniga qat’iy amal qilishini qayd etdi.