Alisher Usmonov Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlari sababli boshqa rossiyalik milliarderlar qatorida G‘arb sanksiyalariga duch keldi. Bu orada Alisher Usmonov o‘z asosiy e’tiborini o‘z vatani — O‘zbekistonga qaratmoqda, deydi Forbes nashri. «Gazeta.uz» Forbes’ning Alisher Usmonov haqidagi ushbu maqolasini o‘zbek tilida e’tiboringizga havola etadi.

Milliarder Alisher Usmonov sanksiyalar ostida bo‘lishiga qaramay, u biznes dahosi, qilichbozlik sporti muxlisi, sahiy xayriyachi-globalistdir, ammo bir narsani aniq aytish mumkin — u Putin bilan bog‘liq. Alisher Usmonov Ukrainadagi urush uchun jazolangan soni ko‘payib borayotgan milliarderlardan biri.

Aprel oyida u o‘zining Dilbar nomli mega-yaxtasidan mahrum bo‘ldi, Yevropa sanksiyalar qonunining qo‘li uzunlik qilayotgani uchun befarzand Usmonov yaxtani singlisining nomiga, oilaviy trastga topshirdi. Va uning shaxsiy Airbus 340−300 samolyoti endi Usmonov bilan birga do‘stona osmonni kezmayapti. Uning kompaniyalari Rossiya u yoqda tursin, Yevropada ham daromad ko‘rishi tobora qiyinlashib bormoqda. Sanksiyalar aynan shu maqsadda joriy etildi. «Rossiya elitasini og‘riqni his qilishga majbur qiling. Balki shunda ular Putinni bu yo‘ldan qaytarishga harakat qilishar», — deyiladi Forbes maqolasida.

Ammo bu yuz bermayapti, Usmonov Putinga hech narsa demayapti (agar umuman muloqot qilishsa). «Usmonov — o‘zbek. To‘rt yil avval u O‘zbekistonning fahriy fuqaroligini oldi. Usmonov dunyoga kelganida mamlakat Sovet Ittifoqining bir qismi edi, shuning uchun ham u paytlar O‘zbekiston fuqaroligi yo‘q edi», — deb yozadi Forbes jurnalisti Kennet Rapoza.

Fuqarolikni olgan buyon u o‘z vataniga investitsion sarmoya yuboradi va ko‘p vaqtini qadimiy Toshkent shahrida o‘tkazadi. Bu neon chiroqlari va klassik arxitekturasi bilan yaltillab turadigan zamonaviy Moskva shahridan, ba’zida Moskva daryosi bo‘ylab McLaren rusumli avtomashinalar katta tezlikda o‘tib turadigan hududlardan ancha yiroq. Bu «havaskor milliarder» tanlashi mumkin bo‘lgan eng yaxshi yo‘l. Uning an’anaviy «mahalla uyida» (albatta, billur qandili bilan) yashamasligi ajablanarli.

«Menga qarshi sanksiyalar nohaq va asossiz ayblovlarga asoslangan», — dedi Usmonov menga [Kennet Rapoza]. «Shaxsiy mablag‘larni xayriya qilish va investitsiyalarni jalb qilish qiyinroq: aslida bu cheklovlar nafaqat menga, balki yordamimga muhtoj bo‘lgan barcha odamlarga ham ta’sir qildi. Shuning uchun mening hozirgi vazifam ularga yordam berishdir».

Fevral va mart oylarida unga AQSh, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Shveysariya sanksiyalar e’lon qildi.

Ayblov: Usmonov «Rossiya Federatsiyasi hukumatini biznes imperiyalar, boylik va boshqa manbalar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita qo‘llab-quvvatlamoqda», — deb e’lon qildi 3 mart kuni AQSh Moliya vazirligi. Alisher Usmonov USM xolding kompaniyasi (49% aksiyalariga egalik qiladi) orqali metallurgiya va konchilik, telekommunikatsiya va texnologiya bizneslariga egalik qiladi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Usmonov Putinga, shuningdek, Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari, Rossiya sobiq prezidenti va bosh vaziri Dmitriy Medvedevga yaqin ekanligi ma’lum. Usmonov ikkalasi bilan ham aloqadorligini rad etgan.

«Men siyosat bilan shug‘ullanmaganman va hech qachon Rossiya davlatidan hech narsa olmaganman, 1990 yillarda davlat mulkini xususiylashtirish paytida ham, undan keyin ham», — dedi u menga. «Sanksiyalarni qo‘llaganlar eskirib qolgan tushunchalarga kamroq tayanishi kerak. Keng tarqalgan stereotiplardan farqli o‘laroq, o‘zining halol mehnati va idroki bilan boylik orttirgan odamlar ham bor».

Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar uning odatiy sayohati va biznesiga to‘sqinlik qilmoqda. «Bu, jumladan, so‘nggi bir necha yil ichida ko‘p vaqtimni o‘tkazayotgan — O‘zbekistondagi faoliyatimga ham to‘siqlar yaratadi», — deydi u. Usmonov advokatlar bilan sanksiyalarning bir qismini bekor qilish ustida ishlamoqda. May oyida u Yevropa sudiga apellyatsiya arizasi bilan murojaat qildi.

Bir paytlar mashhur «Arsenal» futbol klubining asosiy aksiyadori bo‘lgan rossiyalik milliarder endi o‘z boyligining qo‘riqlanayotgani va nazorat qilinayotganligining guvohi bo‘lmoqda. Ayni paytda Rossiya iqtisodiyoti og‘ir ko‘rinayotgan (arzon bo‘lishiga qaramay) va Yevropa hamda AQSh yopilgan bir paytda, Alisher Usmonovning o‘zbekistonlik ekanligini hisobga olmaganda, u uchun O‘zbekiston muqobil yo‘l bo‘lib ko‘rinishi mumkin.

Shuningdek, bu Jim Rojers kabi o‘zi uchun Sovet Ittifoqning sobiq bir qismini kashf qilgan bir talay sarmoyadorlarning fikrlari va hikoyalari bilan mos keladi.

Alisher Usmonov dengizga chiqa olmaydigan ushbu davlatga sarmoya kiritganlar orasida eng yirik o‘yinchidir. Bir necha yil oldin tez rivojlanayotgan, ammo rahbariyat o‘zgarishi oqibatida sekinlashish kuzatilayotgan qo‘shni Qozog‘iston kabi, O‘zbekistonda yangi rahbariyat mamlakat bilan oldinga ulkan sakrashni amalga oshirishga harakat qilmoqda.

«Hozirda O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga 7% ga o‘smoqda, u hozirgacha Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega va yosh, o‘sib borayotgan aholiga ega mamlakatdir hamda boshqa chegara bozorlaridan farqli o‘laroq, iqtisodiyoti yaxshi diversifikatsiyalangan», — deydi hozirda O‘zbekistonda joylashgan Bluestone kichkik investitsion banki hamkori Kuinn Martin.

«Hukumat aqlli, G‘arbda ta’lim olgan „vakillar“ bilan to‘la, ular hamma narsani keskin tezlikda isloh qilmoqda», — deydi Martin.

U yerda turklar, amirliklardan kelganlar, saudiyaliklar, koreyslar bor va pandemiya davrida Qozog‘istondagi ba’zi ijtimoiy tartibsizliklardan so‘ng, xitoyliklar O‘zbekistonni «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusiga qo‘shish uchun harakat qilishmoqda. «Rossiya u yerda o‘zining muhim o‘rnini saqlab qolishni istaydi va ular buni davlatga qarashli neft va gaz kompaniyalari mablag‘lari va sarmoyalari orqali amalga oshirmoqda», — deyiladi Forbes maqolasida.

G‘arb IT-autsors (frilanserlar) xizmatlarini amalga oshiayotgan rossiyaliklar siyosiy xavflar tufayli Rossiyani tark etishga intilayotgani sababli O‘zbekiston ularni o‘ziga jalb qilmoqda. Ayrimlari Toshkentga ko‘chib o‘tmoqda.

«O‘zbekiston Islom Karimov boshqaruvi davridagi yo‘qotilgan bir necha o‘n yilliklardan so‘ng xayratlanarli islohotlar yo‘lidan bormoqda», — deydi Usmonov. Usmonov sobiq hukumat haqida: «O‘sha paytlarda men bu yerda na yashay, na ishlay olardim. Ammo bugun men o‘z maqsadimni O‘zbekistonning o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga yordam berish deb bilaman. Bu mamlakatda iqtidorli va mehnatkash odamlar bor», — deydi u va Mirziyoyev O‘zbekistonni dunyoga olib chiqish uchun «bor kuchini» sarflayotganini qo‘shimcha qildi.

Usmonov menga [Kennet Rapoza] Rojers O‘zbekiston haqidagi oldingi intervyularida aytib o‘tgan sektorlar haqida gapirdi — ularning aksariyati xom ashyo mahsulotlariga asoslangan. Va biroz qismini yuqori texnologiyalar tashkil qiladi.

«Paxtani qayta ishlash, meva-sabzavot yetishtirish, shuningdek, mamlakatning tog‘-kon resurslarini o‘zlashtirish, xususan, rangli metall rudalarini qazib olish va qayta ishlash sarmoya kiritish uchun eng qiziqarli yo‘nalishlardir», — deydi Usmonov.

O‘zbekiston yaqin bir necha yil ichida o‘zining yirik davlat korxonalarini, jumladan, IPO orqali xususiylashtirmoqda.

«O‘zbekistonga sarmoya kiritish yaqinda «Berlin devori qulashi»ni boshidan kechirgan mamlakatga sarmoya kiritish kabi misli ko‘rilmagan imkoniyatdir: bu yopiq sotsialistik davlatdan bozor iqtisodiyotiga tez va keng miqyosda o‘tish kabi holat», — deydi Londondagi Sturgeon Capital hamkori Aleks Branton. Ular O‘zbekistonga sarmoya kiritishgan.

«O‘zbekiston oflayn davrni samarali tarzda o‘tkazib yubordi va kerakli tajriba hamda infratuzilmalar bilan raqamli texnologiyalar davrini boshladi. Mamlakatga smartfonlarning kirib borish tezligi yuqori va u yerda texnologiyani yaxshi biladigan, hammasi „qanday bo‘lishi kerakligi“ borasida holis qarashlarga ega bo‘lgan yosh aholi mavjud», — deydi u.

Qozog‘iston bu borada biroz oldinda, Kaspi kabi mashhur investitsiya kompaniyalari mamlakatda moliya va elektron texnologiyalari tijorat sohasida samarali bo‘lib, o‘tgan yili taxminan 1 milliard dollar sof daromad oldi va Qozog‘iston aholisi O‘zbekiston aholisining yarmini tashkil qiladi.

Sturgeon O‘zbekistonda ZoodPay deb nomlangan biznesga sarmoya kiritmoqda. «Bu bizning Kaspi muvaffaqiyatini takrorlashga urinishimiz», — deydi Branton. Sturgeon Qozog‘istondagi eng yirik xususiy kapital fondini boshqaradi.

Usmonovga uning yaxtasi Toshkentda kerak bo‘lmaydi. Ammo Airbus samoleti kerak bo‘lishi mumkin. Ammo u yaratgan tabiiy to‘siqlar bo‘lmaganida, sanksiyalar e’lon qiluvchi rejimi uning vataniga foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan cheklovlardan voz kechishi mumkin edi.

U Karimovdan keyin o‘zi uchun O‘zbekistonni kashf qilgan birinchi inson emas. Biroq, har qanday bozorda ijobiy bozor kayfiyatini topish qiyin bo‘lgan bir paytda, u yerdagi ishga sarmoya kiritish O‘zbekistonda hech bo‘lmaganda ijobiy kayfiyatni oshiradi. Bir paytlar qo‘shni mamlakatlar ichida eng barqarori bo‘lgan Qozog‘iston hozir ko‘pchilik kutmagan tarzda inqiroz holatida.

«O‘ylaymanki, hozir investorlar uchun O‘zbekiston bozoriga kirish uchun qulay vaqt», — deydi Usmonov. «Men hammani bu yerga sarmoya kiritishga chorlayman. Men aksiyador bo‘lgan kompaniyalar bu yerda metallurgiya, sement ishlab chiqarish va telekommunikatsiya sohalariga sarmoya kiritmoqda», — deydi u, va O‘zbekistonga yerga ko‘proq sarmoya kiritishini, ishlab topgan barcha pullari O‘zbekistonda qolishini qo‘shimcha qildi.