Prezident farmoni bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, mazkur qaror fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida qabul qilindi.

«O‘zbekiston 24» telekanali efirida o‘qib eshittirilgan farmon matniga ko‘ra, «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat amal qilish davrida soat 21:00 dan soat 7:00 ga qadar komendantlik soati joriy etildi».

Favqulodda holat amal qilish davrida Qoraqalpog‘iston komendaturasi tashkil etilib, unga O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev Qoraqalpog‘iston hududi komendanti etib tayinlandi.

Favqulodda holat amal qilishi davrida quyidagi chora va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilmoqda:

  • jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan obyektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obyektlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida harakatlanish erkinligi shu jumladan transport vositalari uchun cheklanadi;
  • jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tekshiriladi, ularning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, ulardagi ashyolar va transport vositalari ko‘zdan kechiriladi;
  • Qoraqalpog‘istonga kirish va undan chiqish cheklanadi;
  • tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlanadi;
  • yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlanadi;
  • qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlanadi. Shuningdek, dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etiladi.
  • jismoniy shaxslardan qurol va o‘q-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, o‘q-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va o‘quv-harbiy texnika, portlovchi va radiaktiv moddalar vaqtinchalik olib qo‘yiladi.