O‘zbekiston davlat gerbini yaratish bo‘yicha tanlov 1991 yilda mamlakat mustaqillikka erishgandan so‘ng e’lon qilingan. Unda respublikaning barcha hududlaridan ijodkorlar ishtirok etdi. Tanlovga taqdim etilgan eskizlar Fanlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari va Badiiy akademiya a’zolaridan iborat bo‘lgan komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, unga turli janr va texnikada ishlaydigan rassomlar ham kirgan. Ulardan biri grafik rassom Anvar Mamajonov bo‘lib, u ham tanlovga o‘z ishini taqdim etadi. Rassom yangi gerb uchun O‘zbekiston SSR gerbini asos qilib olgan va unga o‘zbek xalqi va o‘zbek zaminining timsollarini qo‘shgan. Anvar Mamajonov taklif qilgan gerb O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 2 iyuldagi sessiyasida Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonun bilan qabul qilingan va tasdiqlangan.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston Anvar Mamajonov bilan uning davlat ramzi yaratilishidagi o‘rni, gerb yaratilishi jarayonlari va ijodiy yo‘li haqida suhbatlashdi.

Anvar Mamajonov — grafik rassom, Badiiy akademiya a’zosi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchisi, P. Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi kitob grafikasi bo‘limining o‘qituvchisi. Hozirgi kungacha qora qalam, siyoh va pat bilan chizish texnikalarida ishlaydigan, tasviriy san’atning grafika yo‘nalishiga sodiq qolgan kamdan-kam rassomlardan biri. AQSh, Bahrayn, Belgiya, Liviya, Marokash, Tunis, Hindiston kabi davlatlarda uning ishlarining shaxsiy ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tgan. Anvar Mamajonov 20 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalar g‘olibi va davlat gerbi muallifi hisoblanadi.

2019 yilda san’atshunoslar, geraldika bo‘yicha mutaxassislar va Badiiy akademiya professorlari bilan bir qatorda Anvar Mamajonov Toshkent shahrining yangi gerbini tasdiqlovchi komissiya a’zosi bo‘lgan.

— Qachon rassom bo‘lishga qaror qildingiz va nega aynan grafika yo‘nalishini tanladingiz?

— Bu bog‘chada, besh yoshimda boshlangan. Ota-onam meni kech olib ketishganligi sababli tarbiyachim zerikmasligim uchun rangli qalamlar berar edi. Kechqurunlari bilan rasm chizib o‘tirar edim. Maktabda ijodiy qobiliyatlarimni ancha oshirdim. So‘ngra A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr-rassomlik institutiga (hozirgi paytda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti — tahr.) kulolchilik bo‘limiga o‘qishga kirdim va professional ijodiy yo‘limni boshladim.

1973 yilda o‘quv yurtini bitirib, o‘n yil amaliy san’at fabrikasida turli kulolchilik buyumlarini yasaganman. Lekin men doim grafikaga qiziqib, chizishni hech to‘xtatmas edim. Esimda, mening alohida albomim bo‘lardi va unda eski Toshkent, o‘zbek xalqining urf-odatlari, turmush tarzi va milliy o‘yinlari haqidagi turli hikoyalar grafik uslubda tasvirlashni yaxshi ko‘rar edim.

«101 o‘zbek» seriyasidagi ish.

Men o‘zimni to‘laqonli grafikaga bag‘ishlaganimga do‘stim Viktor Apuxtin sababchi bo‘lgan. U ham grafik, ham tasviriy rassom, ham bolalar va klassik jahon adabiyoti illyustratori bo‘lib, meni o‘z ustaxonasiga birga ishlashga taklif qildi. U yerda men eski shahar mavzusida bir nechta rasmlarni chizdim. Keyin ular Rassomlar ijodiy uyushmasining grafik bo‘limida namoyish etildi va iliqlik bilan kutib olindi. Bundan keyin, menga SSSR Rassomlar uyushmasiga a’zo bo‘lish uchun tavsiyanoma berildi, va 1983 yildan boshlab men uning a’zosiga aylandim.

Keyin meni mashhur G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyiga ishga taklif qilishdi. U yerda men deyarli 20 yil davomida asosan ertaklar, she’rlar to‘plamlari uchun rasmlar chizganman va umuman bolalar adabiyoti dizayni bilan shug‘ullanganman. Biz kitoblarda chizgan rasmlar yosh kitobxonlarimizga yoqishi muhim edi, chunki biz bolalar uchun chizardik va birinchi navbatda ijodimiz bolaga ma’qul bo‘lishi kerak edi.

— Ijodiy yo‘lingizda qanday to‘siqlarga uchradingiz?

— Biz shunday zamonda yashaymiz-ki, ijodiy imkoniyatlarni namoyish etish juda qiyin, xoh u rasmlar ko‘rgazmasi bo‘ladimi, xoh alohida bir rassomning ishi namoyish etilishimi. Masalan, boshqa davlatlarda ijodkorlarga o‘zini va o‘z ijodini rivojlantirishda yordam beradigan, tadbirlarni va ko‘rgazmalarni tashkil qiladigan, rasmlarni sotadigan va dunyoga namoyish etadigan art-dillerlar mavjud. Bizda esa bu umuman yo‘q desa ham bo‘ladi.

Asosan, san’atkorlar maosh olish va oilasini boqish uchun ishga joylashadilar. Ijod o‘z yo‘liga, ammo kichkina bolangiz yoningizga kelib: «Dada, meni qornim ochti», desa, siz hamma ishingizni tashlab, pul ishlashga ketasiz.

«101 o‘zbek» seriyasidagi ish.

Mamlakatimizda san’at yaxshi daromad keltirmaydi, aksincha, ma’naviy oziqa beradigan mashg‘ulotdir. Ijodiy yo‘limda hech qanday qiyinchiliklar bo‘lmagan, lekin oila va ijod doimo birga bo‘lishi va bir-birini to‘ldirib turishi kerak.

— Ijodingizda sizni nima ilhomlantiradi va rasmlar uchun g‘oyalar qayerdan paydo bo‘ladi?

— Ishimda menga asosan bolalar bilan muloqot juda yordam berdi. Ularning ichki dunyosi meni o‘ziga tortar edi. Bolaning tasavvuri cheksizligi va uni hech qanday qolipga sig‘dirib bo‘lmasligi meni doimo hayratga solib, ilhomlantirar edi. Ko‘p narsalarni men aynan ulardan o‘rgandim.

Bolalarni tushinish uchun ularning darajasiga tushish kerak deb aytishadi. Ammo bu daraja biz kattalarning darajasidan ancha yuqoriroqdir. Biz, kattalar, o‘zimizga «tushish kerak» deyishga odatlanganmiz, lekin aslida biz unga ko‘tarilishimiz kerak. Bolalar bulutlar orasida uchib yurishi va xayoliy dunyoda yashashga o‘rganganlari uchun biz ulardan uzoqdamiz. Agar biz ularga yetolsak, hammamizning ichki dunyoimizda yana bola uyg‘onadi. U bizni bolaligimizga qaytarib, yana tasavvurimizni cheksiz qilib qo‘yadi. Va ana shundan so‘ng darhol yangi g‘oya paydo bo‘ladi. Axir, bunday chizish uchun bola bo‘lish kerak. Hech bir professional rassom bola chizgan narsani chiza olmaydi.

— Rassom sifatida siz uchun eng muhim voqea bu — davlat gerbining yaratilishi bo‘lgan desa bo‘ladi. Shu haqida bir oz gapirib bera olasizmi?

— 1991 yilda respublika tanlovi e’lon qilindi va unga katta-kichikdan tortib barcha ishtirokchilar taklif etildi. Davlat ramzi chiroyli va noyob bo‘lishini istaganlar qatnashib, respublikaning barcha hududlaridan o‘z chizmalarini jo‘natishdi.

Men boshqa rassomlar bilan bir qatorda eskizlarni qabul qilish komissiyasining a’zosi edim. Lekin men grafik rassom sifatida qatnashdim, komissiyaga esa Fanlar akademiyasi va Badiiy akademiyaning a’zolari va professor-o‘qituvchilari rahbar bo‘ldi. Haftaning har chorshanba yoki payshanba kunlari Rassomlar uyushmasi zalida barcha ijodiy ishlar qarab chiqilganidan keyin, eng yaxshilari ajratib olinar edi.

Gerbning yangi variantidagi Humo qushining eskizi.

Bizga yuzlab turli eskizlar kelardi, ularning orasida nafaqat maxsus qog‘ozlarda, balki oddiy daftar varaqlarida chizilgan rasmlar ham uchrab turardi. Gerbni yaratish ustida butun respublika, hatto prezident ham ishtirok etgan.

Keyin komissiya tarkibidagi bir nechta rassomlar professional darajada ishtirok etishga qaror qilishdi. Men ham o‘z kuchimni sinab ko‘rishni xohladim, ahir gerb davlat ramzi hisoblanib, uning ixcham bo‘lishi, savol tug‘dirmasligi va mamlakatning asl qiyofasini aks ettirishi lozim edi. Shunday qilib, geraldika haqidagi ko‘p sonli materiallarni o‘qib, boshqa mamlakatlar tajribasi bilan tanishib, ishga kirishdim.

Tanlov tugagach, matbuotda ikki rassom Bahodir Jalolov va Anvar Mamajonov finalga o‘tgani haqida xabar chiqdi. Har ikki ish nafaqat komissiya a’zolari, balki O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengash deputatlari tomonidan ham ko‘rib chiqildi. Ovoz berish natijasida ular bir qarorga kelishdi.

Bundan so‘ng, odatiy ishlar boshlandi: nimanidir olib tashlash, uni-buni to‘g‘rilash yoki qo‘shish. Lekin sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi. Natijada mening eskizim asosida Oliy Kengash O‘zbekiston Davlat gerbini tasdiqladi.

— Mustaqil O‘zbekiston gerbi nima uchun O‘zbekiston SSR gerbiga o‘xshaydi?

Foto: Vikipediya.

— O‘zbekiston SSR gerbi o‘ziga xos chiroyli edi. Men ochilgan paxta chanoqlari va pishgan bug‘doy boshoqlaridan yasalgan novdalar — ya’ni davlatimizning eng muhim boyliklarini yangi gerbga asos qilib oldim. Ular Mustaqillikning yana bir ramzi — davlat bayrog‘i ranglaridan iborat lenta bilan bog‘langan. Shuningdek, tepadagi o‘roq va bolg‘a o‘rniga men sakkiz burchakli shaklning ichiga yarim oy va yulduz tasvirini joyladim. Bu bizning respublika sifatida takomillashishimiz va o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishimizning ramzidir.

— Markaziy ramz sifatida nega aynan Humo qushini tanlagansiz?

— Humo qushi xalqimizning suyukli qahramoni sanaladi. Men Vatanimizning xalq ramzi sifatida Semurg‘ baxt qushini tanladim, chunki u barcha ertak va rivoyatlarda odamlarga baxt va umid bag‘ishlovchi timsol deb hisoblangan. U gerbning o‘rtasida qanotlari keng ochilgan holda tasvirlangan bo‘lib, tinchlik, ezgulik va ozodlikka muhabbat ma’nosini o‘zida mujassam etgan.

Markaziy va asosiy ramzlardan tashqari, gerbda mintaqamizning serhosil zaminini o‘z nurlari bilan yorituvchi, yilda 300 kun charaqlab turuvchi quyosh nurlari tasviri ham o‘rin olgan. Shuningdek, qorli tog‘lar, xushbo‘y gullarga boy chamanzorlar, Amudaryo va Sirdaryo daryolari oqayotgan gullayotgan vodiylar tasvirlangan.

Gerbda yakuniy nusxasiga kiritilmagan boshqa elementlar bo‘lmagan. Faqat bir xil elementlarga men kichik o‘zgartirishlar kiritdim holos. Misol uchun, paxta barglari boshida tikanli chizilgan edi, lekin oxirida men ularga yanada silliq va yumshoqroq shakl berdim. Chunki gerbda tikanli, o‘tkir va xavfli elementlar bo‘lmasligi kerak. Hammasi bir-biri bilan uyg‘unlashib, munosib ko‘rinishga ega bo‘lishi zarur. Umuman olganda, gerb dastlab qanday chizilgan bo‘lsa, shundayligicha qoldi.

— O‘zbekiston SSR gerbida: «Barcha mamlakatlar proletarlari, birlashing» degan yozuv bor edi. Mustaqil O‘zbekiston gerbiga birorta yozuv kiritish g‘oyasi bo‘lganmi?

— Dastlab gerbga faqat O’ZBEKISTON yozuvi kiritilgan. Hech qanday shior, qasamyod yoki tantanali nutq — faqat mamlakat nomi va davlat bayrog‘i tasviri.

Foto: Vikipediya.

— Gerbni ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlarida prezident Islom Karimov qay darajada ishtirok etgan?

— Davlat boshlig‘iga yarasha, u butun ish jarayonini kuzatib, hammasini nazorat qilgan. Islom Abdug‘aniyevich o‘z istak va tilaklarini bildirib, barcha takliflarni eshitib, o‘z tavsiyalarini berganlar. Bularning barchasi, albatta, inobatga olinar edi.

Masalan, gerbda yirtqich hayvonlar bo‘lmasligi kerakligini aytib o‘tilganidan so‘ng, g‘oyalar mutlaqo o‘zgardi, jumladan, mening eskizlarim ham boshqacha ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Boshida men Semurg‘ni jangovar va o‘z Vatanining haqiqiy himoyachisi sifatida tasavvur qilgandim va eskizda shundayligicha chizgandim. Lekin prezident bildirgan tilaklardan so‘ng, Humo qushini tinchlik, ezgulik va mehr tarafidan namoyish qilish kerakligini angladim. Bundan tashqari, dastlab qushning boshi kamtarona past ga egilgan edi, lekin prezident: «Humo qushi mag‘rur yuqoriga qarab turishi lozim» — dedi.

— Qoraqalpog‘iston gerbi keyinchalik O‘zbekiston gerbi asosida yaratilgan. Siz bu jarayonda ishtirok etganmisiz?

— Yo‘q, men ishtirok etmaganman. Qoraqalpog‘iston Respublikasining gerbi mutlaqo boshqa odamlarning mehnati.

— Gerb va boshqa davlat ramzlari kiyim-kechaklarga tushirilishi, avtomobillarga yopishtirilishiga munosabatiz qanday?

— Agar davlat ramzlari, masalan, bizning sportchilarimiz kiyimiga tushirilsa buni oqlasa bo‘ladi, chunki ular xalqaro maydonda bizning yurtimizning vakili bo‘ladi va uning sharafini himoya qilishadi. Ba’zi bir yutuqlar yoki davlat xizmatlari uchun prezident yoki hukumat tomonidan gerbning ta’sviri yopishtirilgan avtomobil sovg‘a sifatida berilishi mumkin va buni ham tushunsa bo‘ladi. Biroq, bu tasvir respublikamiz ramzi sifatida xalqimizga yoki mamlakatimizga hurmat va g‘urur tuyg‘usini ta’kidlash maqsadida qo‘llanilmasa, uni ishlatmagan ma’qul.

— Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra bayroqning yaratilishiga ham o‘z hissangizni qo‘shansiz. Bu haqida ham gapirib bersangiz.

— Bu hammasi bir vaqtning o‘zida yuz berdi. Avval bayroqning, keyin esa gerbning yaratilishida ishtirok etdim, lekin jarayon birgalikda olib borilar edi. Meni eskizlar bilan Oliy Kengash majlisiga taklif qilishdi, u yerda vazirlar, deputatlar va prezidentning o‘zi bor edi.

Mening ishim taqdim etilganda, har bir rang uchun ta’rif berishim kerak edi. Menda har bir rangning ma’nosi yozilgan daftar bor edi, unga ko‘ra: moviy rang — musaffo osmon va toza suv ramzi, oq rang — tinchlik va pokizalik ramzi, shuningdek, yaxshi tilaklar va yorqin yo‘lning belgisi, yashil rang esa — xosildor yerlar va tabiat in’omlari ramzi. Qizil rang Sharqda yomon ko‘zdan asrovchi rang hisoblanadi va yangi hayot belgisini bildiradi. Shuning uchun har bir rang orasiga kamtarona qizil chiziqlar o‘tkazdim.

Ma’ruzadan so‘ng mening g‘oyamni barchaga tanishtirish maqsadida ushbu yozuvlar bir necha nusxada chop etildi va tarqatildi. Prezidentga meni g‘oyam juda yoqdi va u darhol rozi bo‘ldi. Faqat avval bayroqda xalqimizning ko‘p asrlik an’analari ramzi sifatida bitta yulduz va yarim oy tasvirlangan edi. Biroz vaqt o‘tgach, prezident yetuklik va komillik belgisi sifatida oyning yoniga 12 yulduzni kiritishni taklif qildi.

Men taklif qilgan ranglar bilan yangilangan eskiz nusxasi barchaga ma’qul bo‘ldi va Oliy Kengash yig‘ilishida mening ishim tasdiqlandi.

— Shunday ulkan ishni bajarib va tarixda abadiy iz qoldirib, aytingchi, ijod hayotingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi va rassom bo‘lish siz uchun nimani anglatadi?

— Bilasizmi, rassomga shunday savol berishganda, uning chehrasi o‘zgara boshlaydi, chunki u nima deb javob berishni bilmaydi va hozirgina yoqilgan chiroq kabi nur tarata boshlaydi. Ijod bu — mening hayotim.

«101 o‘zbek» seriyasidagi ish.

Siz mening ko‘rgazmamga tashrif buyurdingiz («101 o‘zbek» nomli ko‘rgazma Ikkinchi jahon urushi voqealariga bag‘ishlangan va o‘zbek xalqining mehr-muruvati bilan ilhomlangan bo‘lib, P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida shu yilning may oyida o‘tkazildi — tahr.), chizgan rasmlarimni ko‘rdingiz, endi esa muallifning o‘zi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashib turibsiz — va ko‘zlaringizda men o‘z ijodimning aksini ko‘raman.