O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida nutq so‘zlamoqda. «Gazeta.uz» davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan taqdim etilayotgan nutqdan asosiy iqtiboslarni keltirib o‘tadi.

Shavkat Mirziyoyev va Jo‘qorg‘i Kenges rahbari Murat Kamolov.

«Shuni alohida ta’kidlash kerakki, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi e’lon qilingan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi. Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi», — dedi davlat rahbari.

«Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi», — dedi u.

«Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz», — dedi prezident.

«Lekin, — deya davom ettirdi davlat rahbari, — ayrim joylarda ushbu masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari uchramoqda. Jumladan, loyihada ko‘zda tutilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirilgan. Buning natijasida joriy yil 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirilgan. Ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etilgan».

«Shu munosabat bilan quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlashni zarur, deb hisoblayman», — dedi prezident.

«Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos. Yana bir bor ta’kidlayman: fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

«Shundan kelib chiqqan holda hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarur, deb hisoblayman. Ya’ni, Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75 moddalari o‘zgarishsiz qoldiriladi», — deya ma’lum qildi prezident.

U Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan ushbu masalani tez kunlarda ko‘rib chiqishni so‘radi.

«Qadrli Qoraqalpog‘iston ahli! Takror aytaman — asrlar davomida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasida shakllangan azaliy do‘stlik va qardoshlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat, og‘izbirchiligimizni asrab-avaylaylash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik muhitini saqlash — barchamizning burchimizdir. Konstitutsiyaviy islohotlarimizning bosh maqsadi ham aynan mana shundan iborat», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

«Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonni albatta birgalikda quramiz! Shu sohadagi barcha islohotlarimiz, muhokamalarimiz, hech shubhasiz, demokratiya va huquqiy mezonlar asosida amalga oshirilishi zarur. Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi», — dedi davlat rahbari.

«O‘zbekistonda „Qonun — ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar“ degan qoidani amalda ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar yetarli, — deya davom ettirdi u. — Hozirgi vaziyatda barcha yurtdoshlarimizni hamjihatlik va birdamlikka, oqilona ish ko‘rishga, turli g‘arazli chaqiriq va harakatlarga berilmaslikka da’vat etaman».

«Men olijanob va bag‘rikeng qoraqalpoq xalqining aql-idroki va donishmandligiga ishonaman», — dedi davlati rahbari so‘zining yakunida.