Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni «Yangi O‘zbekiston ko‘chasi yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-301-son] qarorni imzoladi.

Hujjatda Toshkent shahri chekkasidagi Yangi O‘zbekiston bog‘i yonidan o‘tuvchi yo‘l yoqasida «Yangi O’zbekiston ko’chasi» ishbilarmonlik markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan «Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini o‘zida aks ettiruvchi poytaxtga kirib kelishda yangi arxitektura yechimlarini yaratish»ni nazarda tutadi va «aholi uchun sayr qilish va hordiq chiqarishga mo‘ljallangan barcha xizmatlarni o‘zida mujassam etuvchi yangi turarjoy massivlari qurishni jadallashtirish maqsad qilingan.

«Toshkent shahrini Toshkent viloyati bilan bog‘lovchi Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududidan o‘tuvchi Yangi O‘zbekiston ko‘chasida ilg‘or xorijiy arxitekturadan foydalangan holda milliy dizaynga uyg‘un va hamnafas bo‘lgan zamonaviy xizmat ko‘rsatish, savdo va ko‘ngilochar obyektlar hamda yangi ko‘p qavatli turarjoy massivlarini barpo etish orqali aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish muhim ahamiyatga egadir», — qayd etilgan qarorda.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hamda Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hududidan ishbilarmonlik markazi tashkil etish uchun tanlangan jami 241,93 gektar yer maydoni, shundan 198,12 gektar sug‘oriladigan yer maydoni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan aholi punktlari shahar va posyolkalar qurilishi yerlari toifasiga o‘tkaziladi.


«Yangi O’zbekiston ko’chasi» ishbilarmonlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi uchun prezident va Vazirlar Mahkamasining Business City ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorlarida nazarda tutilgan barcha qulayliklar yaratilgan.

Xususan, direksiya Business City markazlari faoliyatining butun davri uchun barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etilgan, shuningdek, chet ellik mutaxassislardan undiriladigan 50 foizlik pasaytirilgan daromad solig‘i stavkasini to‘laydi.

Ishbilarmonlik markazi hududidagi yer uchastkalarini elektron onlayn-autsion orqali sotishdan tushgan mablag‘lar direksiyaga o‘tkaziladi.

Yerlarni olib qo‘yish natijasida qishloq va o‘rmon xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga yetkazilgan zararning o‘rni direksiya tomonidan ushbu yer uchastkalari sotilgandan keyin 2025 yildan boshlab ikki yil davomida teng ulushlarda qoplab beriladi.

Moliya vazirligi hududga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini olib kirish va loyiha obyektlari uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha ishlar uchun direksiyaning asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra mablag‘ ajratadi.

Ushbu ishlar uchun bosh loyihachilar va bosh pudratchilar xarid qilish tartib-qoidalariga muvofiq belgilanadi.

Qarorda, shuningdek, qurilish maydonchasining boshqa joylariga ko‘p yillik daraxtlarni zarar yetkazmagan holda qaytadan ekish va ularni parvarish qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aprel oyida Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab 610 gektar maydonda quriladigan binolar loyihasini ma’qullagandi. Hokimlik mutaxassisi (keyinchalik qurilish vaziriga o‘rinbosar bo‘lgan) Mimar Group arxitektori Shukrullo Jahongirovning aytishicha, ko‘cha bo‘ylab kuzatuv maydonchasi funksiyasiga ega baland piyodalar o‘tish joylari qurish rejalashtirilmoqda (suratda ko‘rsatilgan).