Prezidentning 29 iyundagi [PQ-299-son] qarori bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab bo‘lgan fuqarolarga moddiy yordam berish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qaror bilan qabul qilingan nizomga ko‘ra, pul mablag‘lari mahkumlar ozodlikka chiqqach ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish maqsadida «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» doirasida ajratiladi.

Tadbirkorlik, me’morchilik, hunarmandchilik kabi yo‘nalishlardagi loyihalarini amalga oshirish uchun bir marta mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 10 baravari — 9 mln 200 ming so‘m miqdorida beriladi.

Yordam pullari ushbu masalasini ko‘rib chiquvchi idoralararo doimiy komissiyalarning qarorlari asosida beriladi.

Ko‘mak oluvchilar jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin 3 oy muddatda ishchi organga o‘z loyihasini ilova qilgan holda ariza taqdim etadi.

Loyihani moliyalashtirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosani tayyorlash quyidagi mezonlarga asoslanadi:

  • boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlik, me’morchilik yoki hunarmandchilik faoliyatining natijadorligi va daromadli ekanligi;
  • mahalla fuqarolar yig‘inining ijobiy tavsiyasi;
  • kam ta’minlangan yoki yolg‘izligi;
  • qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan yoki voyaga yetmagan farzandi borligi;
  • ko‘p (4 va undan ortiq) farzandi borligi va moddiy ko‘makka muhtojligi;
  • noturar joylarda istiqomat qilayotganligi.

Avvalroq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasida jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tash davrida bajarilgan har qanday ish, agar ushbu ish uchun ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, ish stajiga qo‘shib hisoblanishi taklif etilgandi. Mazkur loyihada jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslarga «dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi» berish taklif qilingan. Shuningdek, ozodlikka chiqqan shaxslarni aholining ehtiyojmand toifasiga kiritish rejalashtirilgandi.