Toshkent viloyatining Bo‘stonliq hamda Jizzax viloyatining Paxtakor tumanlarida chet el valyutasini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

Bo‘stonliq tumanidagi holatda Chirchiq shahrida valyuta qimmatliklarini noqonuniy muomalaga kiritish faoliyati bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan D.A. boshqa bir fuqaro Sh. ga jami 5200 AQSh dollarini 57 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

Paxtakor tumanidagi vaziyatda esa 3500 AQSh dollarini fuqaro J.ga jami 38,2 mln so‘mga sotgan vaqtida gumondor A.N. ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.