Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni «Soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish davrida biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan foydalanilmayotgan ko‘chmas mulk obyektlariga ta’sirchan soliq mexanizmini qo‘llash bekor qilinadi — bo‘sh turgan binolar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallanmagan inshootlar, shuningdek, tugallanmagan qurilish obyektlari hamda ushbu obyektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalari qo‘llanilmaydi, soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilishini to‘xtatish bekor qilinadi.

QQS ma’muriyatchiligi soddalashtiriladi:

  • majburiy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik subyektlariga QQS guvohnomasi soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan avtomatik ravishda beriladi;
  • soliq organlari monitoringi davomida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi QQS guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib qo‘yishga asos bo‘ladi;
  • yuqori xavf darajasi aniqlangan tadbirkorlarning QQS guvohnomasini to‘xtatib qo‘yishdan 5 kun oldin xabardor etish tartibi joriy etiladi. Ushbu muddatda kamchiliklarni bartaraf etish imkoniyati beriladi. Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, QQS guvohnomasi to‘xtatib turiladi.

Amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq bo‘lishi yoki soliq to‘lovchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan manzilda mavjud bo‘lmaganlik holatlari bundan mustasno.

1 iyuldan majburiy ravishda QQS to‘lovchisi sifatida e’tirof etiladigan tadbirkorlik subyektlariga QQS bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma soliq xavfi darajasiga aniqlik kiritilmasdan turib avtomatik ravishda beriladi.

Bunda tadbirkorlik subyektlarining faoliyati soliq organlari tomonidan monitoring qilib boriladi va monitoring davomida soliq xavfi holatlarining aniqlanishi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib qo‘yishga asos bo‘ladi.

Hujjat bilan soliq xavfining yuqori darajasiga ega soliq to‘lovchilarning qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomaning amal qilishi bu haqida soliq organlari tomonidan 5 ish kuni oldin xabarnoma yuborilgandan so‘ng hamda mazkur muddatda kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda to‘xtatib turiladi. Bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga muvofiq kelmasligi yoki soliq to‘lovchi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan manzilda mavjud bo‘lmaganligi holatlari mustasno.

2023 yil 1 martga qadar:

  • hisobvaraq-fakturalarda yoki nazorat-kassa texnikasi cheklarida tovarlar (xizmatlar) identifikatsiya kodlari (MXIK)ni noto‘g‘ri aks ettirganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llanilmaydi;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlar asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tovar-moddiy resurslarini hisobga olish hamda o‘z ustav fondini shakllantirish va kamaytirish bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni «E-aktiv» AAT aks ettirish ixtiyoriy hisoblanadi.

Aprel o‘rtalarida prezident 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar tizimi soddalashtirilishini e’lon qilgandi.