26 iyun kuni Namangan viloyatining Norin tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro o‘z uyida osilgan holda topilgan. Bu haqda Namangan viloyati prokuraturasi 29 iyun kuni ma’lum qildi.

Huquq-tartibot idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, 1989 yilda tug‘ilgan N. A. oilali va bir nafar farzandning otasi bo‘lgan. U haydovchilik maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.

Tekshiruv davomida ma’lum bo‘lishicha, marhum oxirgi vaqtlarda elektron qimor o‘yinida yutqazib qo‘ygan va shu sababli oilasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Buning oqibatida uning ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan.

O‘lim sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.