29 iyun kuni soat 7.30 da Uzbekistan GTL zavodida O‘zbekiston neft va gaz-kimyosi sanoatining tarixida birinchi sintetik GTL dizel mahsuloti ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, 5 ming tonna miqdorida ishlab chiqarilgan sintetik dizelning birinchi partiyasini Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga yuborish rejalashtirilgan.

«Zavodning asosiy ishga tushirish ishlari, shu jumladan 11 mingga yaqin uskuna va asosiy ishlab chiqarish qurilmalarini sinxron ishlashini ta’minlash, shuningdek, ularni to‘liq nazorat qilish va boshqarish O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — Uzbekistan GTL zavodining mahalliy muhandislari va yosh mutaxassislari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, 15 iyun kuni soat Uzbekistan GTL zavodida O‘zbekiston tarixida birinchi sintetik neft ishlab chiqarilishi boshlangan edi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 25 dekabr kuni ishga tushgan majmuada yiliga 3,6 mlrd metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lgan 1,5 mln tonna tayyor suyuq mahsulotlar ishlab chiqariladi. Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.