«Toshkent shahar elektr tarmoqlari» korxonasi so‘nggi kunlarda Toshkentning qariyb barcha tumanlarida elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar kuzatilayotgani yuzasidan izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari kuniga bir necha marta elektr uzilishlari kuzatilayotgani, svetoforlar ishlamay qolayotgani, suv bosimi tushgani va elektr uzilishlari bilan bog‘liq boshqa muammolar haqida xabar berishmoqda.

Toshkent ETKning ma’lum qilishicha, shu kunlarda respublikaning barcha hududlarida havo haroratining anomal isib ketishi natijasida ayrim joylardagi transformator punktlarida iste’mol yuklamasi ortishi kuzatilib nosozliklar kelib chiqmoqda.

Hozirda, Toshkent ETK hamda uning tasarrufidagi tuman elektr ta’minoti korxonalarining ishchi-xodimlari tomonidan avariyaga qarshi brigada ishchi-guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish ishlari kechayu kunduz olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, hozirgi kunda 2022−2023 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida, elektr uzatish tarmoqlari tizimidagi modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida, «reja-grafik asosida elektr energiyasi ta’minotini tarmoqdan ajratilgan holda ta’mirlash ishlari bajarilmoqda».

«Hurmatli iste’molchilar, ushbu murakkab vaziyatni inobatga olib barcha elektr energiyasi iste’molchilaridan elektr energiyasini tejash bo‘yicha oddiy qoidalarga amal qilishlari va elektr energiyasidan oqilona foydalanishlarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.

Toshkent ETKning eslatishicha, yuqori havo haroratida ortiqcha yuklama bilan ishlovchi elektr tarmoqlarida qisqa tutashuv yuzaga kelishi ehtimoli ortadi. Shu bois, mutaxassislarni jalb qilgan holda xonadonlarda tortilgan elektr simlarining yaroqliligini, elektr energiyasining ulanish nuqtalari to‘g‘ri izolyatsiya qilinganini tekshirish tavsiya qilindi.