Ustyurt tekisligiga noyob qush — 402 bosh yo‘rg‘a tuvaloq («drofa-krasotka») qo‘yib yuborildi, deb xabar berdi Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston «Qizil kitobi» hamda xalqaro Qizil kitobga kiritilgan va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan ushbu qushlar Davlat ekologiya qo‘mitasi va «Falcon hunting solutions» kompaniyasi tomonidan tabiat qo‘yniga qaytarildi.


O‘zbekistonda bu qushlarning ko‘payishini asosan Birlashgan Arab Amirliklari moliyalashtiradi. Buxoro viloyatida qushlarni muhofaza qilish va ko‘paytirish Amirliklar markazi («Emirates Bird Breeding Center for Conservation») shuningdek, 2008 yildan buyon Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini saqlash bo‘yicha Amirliklar markazi («Emirates Center for Conservation of Houbara») faoliyat olib boradi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ular yo‘rg‘a tuvaloq qushlarini tabiatdagi sonini qayta tiklash bilan shug‘ullanadi. Qoraqalpog‘istonda 2017−2021-yillar oralig‘ida jami 9491 bosh yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborilgan. Arablarning bu qushni ko‘paytirishga qiziqishi bejizga emas.

«Podshoxlar ovi»

Qoraqalpog‘iston axborot agentligida berilgan ma’lumotga ko‘ra, har yili Dubay shayxlari Qoraqalpog‘istonga ov mavsumini o‘tkazish uchun kelishadi va ushbu Qizil kitobga kiritilgan qushlarni ruxsatnoma asosida ovlashadi. Arablar asosan ovchi qush — lochin bilan yo‘rg‘a tuvaloq qushini ovlashni ota dasturiga aylantirgan.

Arablarning bu qushni ovlashini «podshoxlar ovi», avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan qadimiy an’ana ham deyishadi.

Arablar ov qilishda qatiy tartiblarga bo‘ysinishadi. Ya’ni, brakonerler va boshqa ovchilar singari ko‘z to‘ymaslik qilmasdan, faqatgina ma’lum miqdorda ovlashadi. 2015 yilda Qoraqalpog‘istonning Ustyurt tekisligiga tuvaloq qo‘shini ovlash uchun Dubayning merosxo‘r shaxzodasi shayx Hamdan bin Muhammad al-Maqtum tashrif buyurgan.


Foto: Shayx Hamdan bin Muhammed al-Maqtum / Qoraqalpog‘iston axborot agentligi

Qushni ovlash uchun ruxsatnoma

Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi Ulbosin Mirzanazarovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bir bosh yo‘rg‘a tuvaloqni ovlashga ruxsatnoma to‘lovi mavjud. U O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyuldagi «Ov qilish vaovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonuni 1-ilovasiga asosan chet ellik jismoniy va yuridik shaxslar uchun 7000 AQSh dollarini tashkil etadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yo‘rg‘a tuvaloq asosan O‘zbekistonning Qizilqum cho‘lida, shuningdek, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Kavkaz orti, Misr, G‘arbiy Osiyo, Mo‘g‘ulistonda yashaydi.

Ushbu tur bahor mavsumida, mart-iyun oylari oralig‘ida Markaziy Osiyoda ko‘payadi. oktabr oyida yo‘rg‘a tuvaloq nisbatan issiq bo‘lgan hududlarga — Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Hindiston va Arabiston yarim oroliga — qishlash uchun uchib ketadi. Yo‘rg‘a tuvaloqlarning soni va diapozoni 1960 yillardan kamaya boshlagan.

Foto