UzAuto Motors kompaniyasi anomal issiqlikdan avtomobilni ehtiyot qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Qayd etilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lgan avtomobilda harorat 100 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Yuqori darajali harorat va quyoshning ultrabinafsha nurlaridan avtomobil oynasining muhrlari, fara va chiroqlarning qopqoqlari, asboblar paneli, ichki qoplamalar, tashqi qoplamaning plastik qismlari qiziydi, xiralashadi, yoriladi va buziladi, deyiladi kompaniya xabarida.

«Buning uchun avvalo, haddan tashqari qizib ketgan avtomobilda haydovchi va yo‘lovchilar uzoq vaqt qolib ketmasligi kerak. Avtomobilga o‘tirishi zahoti uni harakatlantirishga shoshilmaslik kerak. «Yaxshisi, oynalarni oching va dvigatelni ishga tushirib, bir necha daqiqa kutib turing. Mazkur qoida, ayniqsa, to‘q rangli avtomobil egalari uchun juda muhimdir», — deya tafsiya bermoqda UzAuto Motors.

Shuningdek, jaziramada avtomobil saloni bir necha daqiqa ichida nihoyatda yuqori haroratgacha qiziydi. Fojiali hodisaning oldini olish uchun hech qachon bolalar, qariyalar va hayvonlarni avtomobil salonida, hatto oynalari ochiq bo‘lgan taqdirda ham, qarovsiz qoldirmaslik kerak.

Avtomobilni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri tushadigan joyga emas, balki yopiq avtoturargohlarda yoki soya joyda qoldirish kerak. Ammo hamma ham bunday imkoniyatga ega emas, albatta. Bunday vaziyatda old oyna uchun quyoshdan himoyalovchi ekran olish kerak.

Iloji boricha oynalarni yopish kerak. Bu choralarning barchasi salonning qizib ketishining oldini oladi, uning plastik va rezina elementlarini deformatsiyadan himoyalaydi.

Kompaniya tafsiyasiga ko‘ra, agar mashina uzoq vaqt ko‘chada qoldiriladigan bo‘lsa, unda avtomobilning maxsus chexolini sotib olish maqsadga muvofiq. Keltirib o‘tilgan vositalar bo‘lmagan taqdirda, avtomobilni quyoshga teskari, old va yon oynalariga quyosh nuri tushmaydigan qilib qo‘yish kerak.

Avtomobilning quyosh nurida ko‘p qolib ketishi, haqiqiy rangining yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

Qolaversa, avtomobilning suyuqlik darajasini ham kuzatib borish kerak. Bu oyna tozalovchi, moy, freon va boshqa shu kabi suyuqliklarga taalluqli. Yozda dvigatel zo‘riqishi haddan tashqari ortadi va uni yetarli miqdorda motor moyi bilan ta’minlash nihoyatda muhim. Yozning issiq kunlarida avtomobildan intensiv foydalanish bilan yog‘ni tez-tez almashtirish kerakligini unutmagan holda, uni vaqti-vaqti bilan bajarishga harakat qiling.

Radiatorga distrlangan suv emas, maxsus antifriz quyish kerakligini yodda tuting. Yoz mavsumida tormoz suyuqligini muntazam ravishda o‘zgartirib turing, shu bilan birga, sizga taqdim etilgan servis kitobidagi tavsiyalarga amal qiling.

Anomal issiq ob-havo bo‘lgan vaqtida yoqilg‘ini to‘la to‘ldirish kerak emas. Harorat ko‘tarilganda yoqilg‘i kengayib, bakdan to‘kilishi mumkin. To‘kilgan yoqilg‘i avtomobil rangiga yoki korpusning korroziyaga qarshi himoya qilish (antikorozyon) qoplamalariga zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, oqib to‘kilgan yoqilg‘i atrof-muhitga zarar yetkadi va hattoki, yoqilg‘i yonib ketishi ham mumkin.

Bundan tashqari, shinalarni ham to‘g‘ri tanlash kerakligi aytilmoqda.

Qishki shinalarni yozgisi almashtiring. Asfalt issig‘ida ular yemirilishi mumkinligi bois yo‘lda harakatlanish uchun tavsiya qilinmaydi. Yozgi shinalarning qattiqlik xususiyatlari bor. Chunki issiq havo haroratida rezinalar yumshashi mumkin. Shuni unutmangki, judayam yuqori haroratda asfalt qizib, yumshaydi. Yozgi shinalar xavfsiz tormozlash uchun maxsus protektorga ega bo‘lib, yo‘lda suvdan himoya qilish va yoqilg‘ini tejash imkonini beradi.

Yoz mavsumida avtomobilingiz salonida gazli ichimliklar, tibbiy buyumlar va dori vositalar, shuningdek, quyoshdan himoyalovchi kremlar, ko‘zoynaklar, tur xildagi suyuqliklar hamda balonchiklarni, ayniqsa elektron qurilmalarni saqlamang. Yozning jazirama issig‘ida avtomobil salonida qoldirilgan eng oddiy buyum ham xavfli hisoblanadi.

Haydovchilarga esa quyosh nuridan ko‘zni asrash tafsiya etiladi. Quyosh nuri haydovchini ko‘rish qobiliyatini pasaytirib, bir necha soniyalar ichida yo‘lda noxush hodisani keltirib chiqarishi mumkin. Ular yo‘l-transport hodisasi sodir etilishining oldini oladi, deyiladi xabarda.