Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni paxta ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Yig‘ilishda klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlari kuchaytirilishi belgilandi, shu jumladan, hokimlarga klasterlarning ichki ish faoliyatiga aralashish taqiqlandi.

«Klaster o‘zini ishi bilan shug‘ullansa, tumanda sanoat, ish o‘rinlari, eksport va daromad bo‘ladi. Buni tushunmagan hokimlar esa klasterlarni kun davomida majlisma-majlis olib yurish, boshqa ishlarga jalb qilish bilan ovora», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda yangi klasterlarni tashkil etish tartibiga ham o‘zgartirish kiritilishi ta’kidlandi. Bundan buyon bitta tumanda ko‘pi bilan 2 ta klaster tashkil etishga ruxsat beriladi, hozirgacha 3 tagacha ruxsat etilgandi.

Shuningdek, tomchitalib sug‘orishni joriy etish sohasida erkin raqobat bo‘lib, ilm bilan yondashilsa, ushbu texnologiyani joriy etish xarajati gektariga 15−20 million so‘mga tushirish mumkinkinligi aytildi. Hozirda ushbu ko‘rsatkich 27 million so‘mni tashkil qiladi.

«Lekin, katta fojia — ayrim rahbarlar bu ezgu islohotga o‘ziga yaqin ta’minotchilar va bilimsiz odamlarni aralashtirayapti. Shu orqali korrupsiya boshlangani haqida menda yetarli ma’lumotlar bor», — dedi prezident.

Moliya va Suv xo‘jaligi vazirliklariga bir hafta muddatda:

  • yangi ishga tushirilgan elektron portalga hamma ta’minotchilarni kiritish;
  • taklif qilinayotgan suv tejovchi texnologiyalar narxi va xizmatlar sifatini baholab boradigan shaffof tizim yaratish vazifasi yuklatildi.

Bunda eng maqbul shartlar va narxlarni fermerlarning o‘zi tanlaydi. Ishlab chiqaruvchi esa kamida 3 yil fermerga servis xizmatini ko‘rsatishni kafolatlashi shart, deyiladi xabarda.

Klasterlar hamkor fermerlari bilan birga olgan daromadidan bir qismini jamg‘arib, ichki irrigatsiya tizimini yaxshilashni ham yo‘lga qo‘yishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.