27 iyun «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni»da prezidentning OAVni qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi.

Qaror bilan 2023 yildan boshlab jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o‘tkazishga e’tibor qaratiladi.

«Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindorlari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

  • bosh milliy mukofot uchun — avtomobil;
  • birinchi o‘rin uchun — BHMning 200 baravari (60 mln so‘m, bunga qadar 43,2 mln so‘m edi);
  • ikkinchi o‘rin uchun — BHMning 175 baravari (52,5 mln so‘m, bunga qadar 37,8 mln so‘m edi);
  • uchinchi o‘rin uchun — BHMning 150 baravari (45 mln so‘m, bunga qadar 32,4 mln so‘m edi);
  • 12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun — BHMning 100 baravari (30 mln so‘m, bunga qadar 13,5 mln so‘m edi) miqdorida bir martalik pul mukofoti.

«Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar «Ilhom» jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Hujjatga ko‘ra, shuningdek, 2022 yil 1 oktabrdan boshlab bolalar uchun mo‘ljallangan tele va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri BHMning 300 baravarigacha (90 mln so‘m) miqdorda bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar AOKAga qo‘shimcha ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda OAVlarda e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida BHMning 50 baravarigacha (15 mln so‘m) miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shu bilan birga, amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va OAVlarda e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi — maxsus elektron platformini ishga tushiradi.

Bundan avval, qaror bilan 3 yilga OAVlarning foyda solig‘i ikki baravarga qisqartirilishi, budjet tashkilotlariga elektron OAVlarga obuna bo‘lishga ruxsat berilishi haqida yozgan edik.