O‘zbekiston ijtimoiy infratuzilma obyektlarining energiya samaradorligini oshirish uchun Jahon bankidan 143 mln dollar imtiyozli kredit oladi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

30 yil muddatga, shu jumladan besh yillik imtiyozli davr bilan past foiz stavkasida ajratiladigan mablag‘lar Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiyani tejash tarmoqlararo jamg‘armasi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya» loyihasini amalga oshiradi.

Loyiha O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. 800 dan ortiq maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash muassasalari binolarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Binolarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ularning issiqlik izolyatsiyasi va isitish, ventilyatsiya, havo almashishi va yoritish tizimlarini takomillashtirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, tegishli muassasalardagi ko‘mir qozonlari qayta tiklanadigan energiya manbalariga asoslangan isitish va suv isitish tizimlariga almashtiriladi. Masalan, issiqlik nasoslari va quyosh kollektorlari bilan birlashtirilgan quyosh panellari o‘rnatilishi mumkin.

Loyiha chora-tadbirlari energiya sarfini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash, tegishli muassasalarning, ayniqsa, qish oylarida energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, maktabgacha ta’lim va maktab muassasalari o‘quvchilari, shifoxona bemorlari, shuningdek, ushbu muassasalar xodimlari uchun harorat qulayligini oshirish orqali davlat xizmatlari sifatini yaxshilaydi.

Energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, energiya tejash va toza energiya ishlab chiqarishni rag‘batlantiruvchi loyihalarga investitsiyalarni jalb qilish tartib-qoidalarini tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish loyihaning muhim natijasi bo‘ladi.

O‘zbekistonda yakuniy energiya iste’molining 50 foizi binolar sektoriga to‘g‘ri keladi, ikkinchi o‘rinda sanoat (22%) va transport (20%) sohalari turadi. Tuman shifoxonalarida iste’mol qilinadigan umumiy energiyaning qariyb 70 foizi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 84 foizi, qishloq vrachlik punktlarida 88 foizi va maktablarda 97 foizi binolarni isitish uchun sarflanadi.

Jamoat binolarining aksariyati 1970 va 1980-yillarda qurilgan va ularda energiya samaradorligiga katta e’tibor qaratilmagan. Ushbu inshootlarning issiqlik izolyatsiyasi qoniqarsiz darajada va ular harorat qulayligi standartlariga javob bermaydi. Bu binolarda energiya iste’moli yuqori darajada bo‘lgan eski qozonxonalar va suv isitish tizimlaridan foydalaniladi.

Jahon bankining 2021 yilgi tadqiqoti aniqlashicha, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samaradorligini oshirish orqali yiliga 7000 gigavatt-soatdan (GVt/soat) ortiq energiya tejalishi mumkin, shundan taxminan 6810 GVt/soati issiqlik va 240 GVt/soatdanmko‘prog‘i elektr energiyasi ko‘rinishida.

«Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu yangi loyiha butun mamlakat bo‘ylab jamoat binolarining energiya samaradorligini oshirishga yordam beradi. Loyiha binolar sektorining o‘zgaruvchan iqlim sharoitlariga tayyorgarligini oshirish, energiya sarfini kamaytirish va atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirishga yordam beradi», — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

«Bu yaqinda qabul qilingan Jahon bankining mamlakat bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalardan biridir. Uning ustuvor yo‘nalishlari orasida milliy iqtisodiyotning ekologik barqaror o‘sishga o‘tishida O‘zbekistonga ko‘maklashish ham bor», — deya ta’kidladi u.