Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida bo‘lib o‘tayotgan taekvondo bo‘yicha XXV Osiyo chempionatining ikkinchi va uchinchi kungi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga yana ikkita oltin va ikkita bronza medallari qo‘shildi. Bu haqda O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi xabar berdi.

Musobaqada -74 kg vazn toifasida qatnashgan o‘zbekistonlik Jasur Jaysunov ilk bosqichda pokistonlik Iqbol Muhammadni, chorak finalda Chen Jun Veinini, yarim finalda esa pokistonlik Ahmad Baxlulni bir xil — 2:0 hisobida mag‘lub etib, finalga chiqdi. U asosiy bahsda eronlik Mirxashem Hussaynini yengdi va Osiyo chempioni bo‘ldi.

Shu kungi bahslarda qizlar o‘rtasida -62 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Feruza Sadikova yarim finalgacha yetib bordi va Osiyo chempionati bronza medali sohibasiga aylandi. Sadikova bu bosqichda eronlik Nastaran Valizodaga qarshi bellashuvda imkoniyatni boy berdi. Eronlik taekvondochi finalda mezbonlar vakili Nam Min Seoga mag‘lub bo‘ldi va kumush medaliga sazovor bo‘ldi.

Osiyo chempionatining bugungi bahslarida yana ikki nafar o‘zbekistonlik taekvondochi medallarga ega bo‘ldi.

Nikita Rafalovich, Pavel Xan (murabbiy), Svetlana Osipova. Foto: UTA

Musobaqada -87 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Nikita Rafalovich barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. U finalda iordaniyalik raqibi Fahed Sbeyhidan ustun keldi. Shuningdek, qizlar o‘rtasida +73 kg vazn toifasida ishtirok etgan Svetlana Osipova bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu vazn toifasida Akram Xodabande finalda xitoylik raqibasi Chjou Zekini mag‘lub etib, oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Ushbu natijalardan so‘ng taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi uchta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medali bilan umumjamoa hisobida (Xitoy bilan) uchinchi o‘rinda bormoqda. Birinchi o‘rindagi Janubiy Koreyada to‘rtta va ikkinchi o‘rindagi Eronda uchta oltin va beshta kumush medali bor. Musobaqa ertaga yakunlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionatining dastlabki kunida Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashitov oltin, Charos Qayumova kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.