Toshkent hokimligi «Qo‘yliq» bozori yaqin atrofidagi yo‘l kesishmasi kengaytirilishi munosabati bilan bozor hududi olib qo‘yilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» va boshqa OAVlar hamda blogerlar yozgandi.

«Qo‘yliq» dehqon bozorining to‘liq hududi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi ko‘zda tutilmagan, asosiy kirish joyi oldidagi avtoturargoh hududining bir qismi va bir nechta vaqtincha savdo qurilmalarining o‘rni qurilish jarayoniga jalb etiladi", — deya ma’lum qildi hokimlik.

«Bunda, asosiy bino va savdo rastalarining aksariyati o‘z joyida qoladi. Loyihaga ko‘ra, jalb etiladigan hududning umumiy maydoni 10 ming kv. metr atrofida bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

«Qo‘yliq» buyum bozori ham to‘liq olib qo‘yilmaydi. Bu yerda ham avtoturargoh hududi va bir nechta vaqtinchalik qurilmalarning o‘rni ishlarga jalb etilib, ular uchun kompensatsiya mablag‘lari to‘lab beriladi. Asosiy pavilon o‘z joyida qoladi. Avtoturargoh hududi bilan birga ishlarga jalb etiladigan umumiy maydon 6,3 ming kv. metrni tashkil etadi.

«Ishlar yakunidan so‘ng, bozorlarning avtoturargohi xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda tegishli ruxsatnoma bo‘lsa, ko‘prik va yondosh yo‘llarning tayanch inshootlari ostida joylashtirilishi mumkin», — deya qayd etdi hokimlik.

Qo‘shimcha qilinishicha, shahar hokimining 22 iyundagi qarorida keltirilgan olib qo‘yilgan hududlar ko‘rsatilgan jadvalda «obyektlar haqidagi umumiy ma’lumotni aks ettirgan bo‘lib, ular buzilishidan dalolat bermaydi».

Foto: Toshkent shahar hokimiyati

Ushbu yer maydonlari yo‘l o‘tkazgich, Bektemir yo‘lidan TXAYga va TXAYdan Bektemir yo‘liga (Farg‘ona yo‘lining davomi) tushuvchi yo‘llar qurilishi sababli davlat va jamoat foydasiga jalb etilmoqda.

«Poytaxtimizda yo‘l-transport infratuzilmasini jadal takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Ushbu yo‘l o‘tkazgich, shu jumladan, uning tarkibidagi yondosh yo‘llar shaharga kirishda transport oqimini tezlashtirish, shaharga kirish qismida tirbandliklarning va avariyaviy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi», — deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil dekabr oyida Toshkent hokimligi yo‘l kengaytirilishi munosabati bilan dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydonlari Toshkent viloyatiga, «Qo‘yliq»dan 6,5 km uzoqlikda joylashgan Food City savdo markaziga ko‘chirilishi haqida xabar bergan edi.