Surxondaryo viloyatida At Termiziy University nomi ostida soxta universitet tashkil qilingani aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.

Mazkur univeristetning Telegram-kanalidagi ma’lumotlarga ko‘ra, muassasada IT, boshlang‘ich ta’lim, iqtisodiyot, tarix, pedagogika va psixologiya yo‘nalishlarida ta’lim berishga mo‘ljallangan. Qabul esa 10 mayga qadar imtihon va suhbat asosida o‘tkazilgani, 1−2 kurslar uchun kontrak miqdori (sirtqi-onlayn) 8 mln 220 ming so‘m, (sirtqi) 9 mln 864 ming so‘m etib ko‘rsatilgan.

E’tiborlisi, kanalning o‘zida universitet litsenziyaga ega emasligi, ruxsatnoma tez kunlarda olinishi qayd etilgan. Qolaversa, universitetda o‘qish tegishli litsenziya olingach boshlanishi haqida ham e’lon berilgan.

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, M.J. va S.S. ismli shaxslar o‘zaro til biriktirib, «U.A.» MCHJni tashkil etib, so‘ngra Telegram tarmog‘ida At Termiziy University xususiy universiteti kanalini ochishgani aytilmoqda.

«Faoliyat yuritishiga tegishli ruxsatnoma olinmagan universitetga o‘qishga qabul boshlanganligi haqida xabarlar berishadi. Ular ushbu universitetda o‘qish istagini bildirgan 73 nafar fuqaroning 306,9 mln so‘mini to‘lov pullari sifatida qabul qilib olganliklari aniqlandi», — deyiladi xabarda.

Gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.