Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyatidagi vakili (ombudsman) Koson tumanidagi 10-sonli jazoni ijro etish koloniyasida mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb 19 iyun kuni xabar berdi Ombudsman matbuot xizmati.

Ombudsmanning mintaqaviy vakili 11 iyun kuni koloniyaga tashrifi vaqtida 10 ta uzoq muddatli uchrashuvlar xonalari mavjud va uchrashuvlar muddati 3 kun deb belgilanganligi hamda mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganiga ishonch hosil qildi. O‘tgan yili mahkumlar uzoq muddatli uchrashuvlar kunining qisqartirilganidan norozi bo‘lib, shikoyat qilishgandi.

Mintaqaviy vakil koloniyadagi tibbiyot xonalarini ham ko‘zdan kechirdi. Mahkumlarni davolash uchun dori vositalari yetarli darajada ekanligi, har kuni 70−80 nafar mahkumga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani, ammo muassasada 3 nafar tibbiyot xodimining yetishmasligi aniqlandi.


Ta’kidlanishicha, koloniyada oshxona jihozlari va idish-tovoqlar yangilangan, ovqatlanish menyusi belgilangan me’yorlar asosida tuzilgan va kerakli oziq-ovqat mahsulotlari qoniqarli holatda saqlanmoqda.

Muassasada SPID kasalligiga chalingan hamda parxez taomlar iste’mol qiladigan mahkumlar uchun alohida taomlar, xususan sut va qatiq mahsulotlari ham berilayotgani aniqlandi, deyiladi xabarda.

Tashrif davomida mintaqaviy vakilning yakka holdagi uchrashuvlari davomida unga 2 nafar mahkum Toshkent shahridagi 23-son ixtisoslashgan kasalxonada davolanishi kerakligi bo‘yicha murojaat qildi. Ushbu murojaat mintaqaviy vakil nazoratiga olindi, deyiladi xabarda.