21 iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, vinochilik, oziq-ovqat, qurilish, neft-gaz, gaz-kimyo, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda qator loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish uchun davlatlar hududidagi erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, transport kommunikatsiyalari tizimidan, shu jumladan «Boku — Tbilisi — Qars» temir yo‘lidan foydalangan holda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari kelishib olindi. Ikki tomonlama savdo va tovarlar tranziti yo‘lidagi to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun transport vazirlari rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

Mutasaddi vazirlarga ipakchilik klasterini tashkil etish, g‘o‘zachilikdagi loyihalarni ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni kelishib olish topshirildi.

Shu bilan birga, tomonlar yaqin fursatda ikki davlat poytaxtlari va yirik shaharlari o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishiga kelishib oldilar. Davlat rahbari joriy yilda Toshkentda birinchi Hududlar forumi va ularning sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Prezidentlar bu borada alohida dastur qabul qilish va qo‘shma turizm yarmarkasini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar.

Muzokaralar chog‘ida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, jumladan, madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, oliy ta’lim dargohlari, ilmiy muassasalar, sport va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan qator boshqa kelishuvlarga ham erishildi.

Muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Ilhom Aliyev O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, davlat rahbarlari huzurida ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari o‘rtasida 18 ta hujjat imzolandi. Hududlararo hamkorlik, sanoat, xalqaro avtomobil qatnovi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, o‘simliklar karantini va himoyasi sohalaridagi hamkorlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar hamda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi shular jumlasidan.

Ushbu hujjatlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlarida amaliy sheriklikni mustahkamlashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.