Telegram o‘z messenjerining yangi versiyasida pullik — Premium obuna paydo bo‘lganini e’lon qildi. Kompaniya, shuningdek, ilovaning oylik faol foydalanuvchilari soni 700 mln ga yetganini va 2022 yilda «dunyo bo‘yicha eng ko‘p yuklab olingan top-5 ilovalar qatoriga kirganini» ma’lum qildi. Kompaniya xabarida «Telegram Premium obunasi orqali siz Telegram ning kelgusidagi rivojini qo‘llab-quvvatlashingiz hamda qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lishingiz mumkin», deb yozilgan.

Telegram Premium qancha turadi va uning qanday qulayliklari bor?

Ma’lum bo‘lishicha, Telegram messenjerining pullik obunasi — oyiga 449 rubl, ya’ni 65 ming so‘m turadi.

«Obunachilarning hissasi bizga Telegram ning bepul, mustaqil va foydalanuvchilarga yo‘naltirilgan bo‘lib qolishi uchun yanada rivojlantirish va takomillashtirish imkonini beradi», — deyiladi Telegram jamoasi bayonotida.


Telegram Premium’ga obuna bo‘lgan foydalanuvchilar uchun quyidagi limitlar kengayadi:

  • papkaga joylashtirish mumkin bo‘lgan chatlar soni oshiriladi (bepul versiyada — 100; Premium’da — 200);
  • kanal va superguruhlarga a’zo bo‘lish limit oshiriladi (500 dan 1000 gacha);
  • papkalar soni 10 tadan 20 gacha oshiriladi;
  • shaxsiy kanallar va superguruhlar uchun ommaviy havolalar (link) soni bo‘yicha cheklovlar soni 10 dan 20 ga oshiriladi;
  • saqlab qo‘yish mumkin bo‘lgan GIF-animatsiyalar soni 200 dan 400 ga oshiriladi;
  • ilovaga kiritib qo‘yish mumkin bo‘lgan akkauntlar (alohida telefon raqamlari orqali) soni 3 dan 4 ga oshiriladi;

Ilovaga 4 GB gacha hajmga ega fayllarni yuklash mumkin bo‘ladi

Telegram’ning bepul versiyasida foto, video yoki boshqa turdagi fayllarning hajmi 2 GB dan (bitta faylning) oshmasligi kerak edi. Pullik obunada esa 4 GB gacha bo‘lgan hajmdagi fayllarni yuklash imkoniyati mavjud. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, messenjerning ikkala versiyasida ham fayllarni chegaralagmagan miqdorda yuklash mumkin. Faqat Premium obuna orqali katta faylni, aytaylik 4 soatlik 1080p formatdagi videoni (o‘rtacha 4 GB joy oladi) ikkiga ajratib o‘tirish shart emas.

Yuklash tezligi

Shuningdek, Telegram Premium obunasi turli xil fayllarni maksimal tezlikda yuklab olish va yuklash imkoniyatini beradi. Fayl ko‘chirish tezligi foydalanilayotgan internetning tezligiga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Ovozli xabarlarni matn shakliga o‘tkazish funksiyasi

Premium obunachilar qabul qilingan ovozli xabarlarni bitta klik orqali matn ko‘rinishiga keltirishlari mumkin.

Reklamalarsiz Telegram

Kanallarning qo‘yi qismiga joylashtiriladigan reklama tekstlarini siz Telegram Premium’da uchratmaysiz. Ya’ni premium-foydalanuvchilar messenjerdan reklamalarsiz foydalanishadi. Ammo kanallar administratorlari uchun reklamalarni o‘chirish uchun pullik funksiya hozircha mavjud emas.

Profillar uchun imkoniyatlar

Messenjer pullik obunachilarining ismlari yonida yulduz ko‘rinishida alohida belgi paydo bo‘ladi. Ushbu belgi profilda, chatlar ro‘yxatida va xabarlarda ko‘rinadi. Shuningdek, obunachilar o‘z profillariga animatsiya ko‘rinishidagi avatarlarni o‘rnatishlari mumkin.

Hozircha yangi funksiyalar faqat iOS foydalanuvchilari uchun ochiq, chunki ushbu messenjerning yangi — 8.8 versiyasi birinchi bo‘lib aynan shu operatsion tizim uchun chiqarildi. Ta’kidlanishicha, bugungacha mavjud bo‘lgan barcha funksiyalar bepul bo‘lib qoladi. Android va Telegram Desktop uchun pullik versiyalar hali taqdim etilmadi, ammo tez orada chiqishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Telegram asoschisi Pavel Durov pullik obunaning taqdim etilishi haqida 10 iyun kuni o‘z blogida e’lon qilgan edi. Bungacha esa 2021 yilning noyabrida Telegram’da ilk monetizatsiya ko‘rinishi — reklama platformasi yo‘lga qo‘yilgan edi.