Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsion komissiya a’zolari bilan uchrashuvda Bosh qonunga oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishini belgilab qo‘yishni taklif etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

«Har qanday inson uchun muhim va muqaddas qadriyat — bu uning oilasidir. Sog‘lom va mustahkam oila — davlat tayanchi va jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir. Kattaga hurmat, kichikka izzat, odamiylik, mehr-oqibat, ona Vatanga muhabbat va sadoqat kabi olijanob fazilatlar avvalo oilada qaror topadi», — dedi davlat rahbari.

U bugungi globallashuv zamonida oila institutini har tomonlama himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish zarurati tobora kuchayib borayotganligini ta’kidladi.

«Bosh qomusimizda oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish maqsadida „oila ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligi asosida shakllanishi“, jamiyatning tabiiy va tayanch bo‘g‘ini, jamiyat va davlatning alohida himoyasida ekanini mustahkamlab qo‘yishni taklif etaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Shuning uchun davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratishi, ko‘p bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyoz va ijtimoiy kafolatlar yaratib berishi lozim. Shunda oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslari yanada mustahkam bo‘ladi».

Shuningdek, prezident Konstitutsiyada bolaning manfaatlari, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida o‘z aksini topishi zarurligini qayd etdi.

«Shu bilan birga, davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qo‘yishimiz kerak», — dedi u.

Davlat rahbari asosiy qonunga «davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi», degan qoidani kiritishni taklif etdi.

«Shuningdek, Konstitutsiyamizga „Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir“, degan qoidani kiritish yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirishga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.