Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi to‘yda kelinni urgan kuyov uzr so‘rab, bunday holat boshqa takrorlanmasligiga va’da berdi. Qizning onasi kuyovi kechirim so‘raganini tasdiqladi, deyiladi Mening Yurtim telekanali xabarida.

«Men o‘zimni ushlab turolmadim, qo‘lim ketib qoldi. Tushunmovchilik hal bo‘lgandan keyin to‘y davom etdi. Kelindan kechirim so‘radim. Bu boshqa takrorlanmaydi», — dedi kuyov.

Televideniye xabarida qayd etilishicha, yosh kelin-kuyov bir yil avval unashtirilgan. Ular 10 may kuni FHDYO bo‘limiga murojaat qilishgan, lekin nikoh guvohnomasini 15 iyun kuni — to‘ydan 9 kun o‘tib olgan.

Videoda kuyov kelinni urganidan so‘ng bir ayol kelib, kelinni sahnadan olib tushgani aks etgan. U qizning onasi ekanligi haqidagi taxmin tasdiqlandi. Telekanalga bergan intervyusida ona kuyovning qarindoshlari kechirim so‘ragach, to‘y davom etganini gapirib berdi. U qizi bilan telefonda gaplashib turishganini, yosh kelin-kuyov yaxshi yashashayotganini aytdi.

Tuman IIB tomonidan kuyovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Biroq kelinning da’vo va arizasi yo‘qligi sababli sud kuyovga nisbatan jazo qo‘llamagan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Gazeta.uz» ushbu video xorijiy OAVda keng muhokama qilingani haqida yozgan edi. Holat haqida Germaniyaning Bild nashri yozdi va Koreyaning JTBC telekanali o‘z efirida videoni namoyish qildi.