O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat 16 sentabrdan kuchga kiradi.

Qo‘riqlash faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iboratligi belgilandi:

  • jismoniy shaxlarning hayotini va sog‘lig‘ini tajovuzlardan himoya qilish;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini hamda obyektlarini tajovuzlardan himoya qilish;
  • qo‘riqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga chek qo‘yish;
  • yuridik shaxslarning qo‘riqlanadigan obyektlarida nazorat-o‘tkazish va obyektning ichki rejimlarini ta’minlash.

Milliy gvardiyaga qo‘riqlash faoliyati sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, o‘zining qo‘riqlash xizmatlari tariflarini tasdiqlash, davlat, ayniqsa o‘ta muhim, toifalangan va boshqa obektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalarini qo‘riqlashni amalga oshirish vakolatlari berildi.

Qonunga ko‘ra, Milliy gvardiya qo‘riqlanadigan obyektlar hududida jamoat tartibini saqlaydi, huquqbuzarliklarning oldini oladi va ularga chek qo‘yadi, shuningdek, o‘zgalar mol-mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi.

Eslatib o‘tamiz, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) o‘z vakolatlari doirasida qo‘yilgan qonuniy talablari, shu jumladan qonunga rioya etish, hujjatlarni, tekshiruv materiallarini va boshqa ma’lumotlarni taqdim etish, mutaxassis ajratish, Milliy gvardiyaga kelish hamda aniqlangan qonunbuzarliklar xususida tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi, qoidabuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.

Qo‘riqlash faoliyati bilan Milliy gvardiya, Prezident DXX, DXX, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DBQ va Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarning tegishli bo‘linmalari shug‘ullanishi mumkin.

O‘zbekiston hududida qo‘riqlash faoliyatini chet davlatlarning jismoniy shaxslari va tashkilotlari, shu jumladan xususiy tashkilotlari tomonidan amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan O‘zbekiston hududiga qisqa muddatli tashrif bilan kelgan oliy darajali mehmonlar xavfsizligini ta’minlash hollari mustasno.

Qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatishga doir shartnomaga muvofiq qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlar o‘z harakatlari (harakatsizligi) natijasida qo‘riqlanadigan obyektga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq hajmda qoplashi shart. Zararning o‘rnini qoplash miqdori va shartlari qo‘riqlash xizmalarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomada belgilanadi.

Qonunda qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyektlarning harbiy xizmatchilari, xodimlari, ishchilari va xizmatchilarining huquqlari, shuningdek, ushbu lavozimlarga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar o‘rnatildi.

Hujjatda qo‘riqlash faoliyatida jismoniy kuch, maxsus vositalar va xizmat qurollarini qo‘llash shartlari ham belgilangan.

Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash hamda idoraviy qorovullik bo‘linmalarining ishchilari va xizmatchilari xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda xizmat qurolini hamda maxsus vositalarni olib yurish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qo‘llash huquqiga ega, deyiladi qonunning 23-moddasida (Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va xizmat qurolini qo‘llash shartlari).

Jismoniy kuch ishlatishdan, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qo‘llashdan avval ularni qo‘llash niyati to‘g‘risida aniq ifodalangan ogohlantirish bo‘lishi kerak, bundan bunday ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoxud ularning qo‘llanilishini kechiktirish fuqarolarning, idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash hamda idoraviy qorovullik bo‘linmalari ishchisi va xizmatchisining hayoti hamda sog‘lig‘i uchun bevosita xavf tug‘diradigan va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.

Jismoniy kuch ishlatishdan, maxsus vositalarni hamda xizmat qurolini qo‘llanishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Bunda ishchi va xizmatchilar har qanday zararning imkon qadar kam bo‘lishiga intilishi shart.

Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki xizmat quroli qo‘llanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam ko‘rsatilishi hamda eng qisqa muddatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilishi kerak. Jismoniy yoki yuridik shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek, xizmat quroli qo‘llanilgan barcha holatlar to‘g‘risida prokurorga va ichki ishlar organlariga darhol xabar berilishi lozim.

24-moddada homiladorlik belgilari ko‘rinib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanishi, bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi, fuqarolarning yoxud qo‘riqlash faoliyatini amalga oshiruvchi subyekt harbiy xizmatchisining, xodimining, ishchisi va xizmatchisining hayotiga hamda sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, hujum qilinganligi hollari mustasnoligi ko‘rsatib o‘tilgan.

25-moddada maxsus vositalardan foydalanish, 26-moddada esa xizmat qurolidan foydalanish shartlari belgilangan.