O‘zbekistonda so‘nggi 3 yilda kiberjinoyatlar soni bir necha baravarga oshib ketdi. Bu haqda 16 iyun kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumaida IIV Kiberxavfsizlik markazi rahbari Behzod Mamajonov ma’lum qildi.

«Oxirgi 3 yilda kiberjinoyatlar soni 8,3 baravarga ortib ketgan. Buning ichida ayniqsa, firibgarlik 13 baravarga, o‘g‘rilik 20 baravarga, tovlamachilik, tuhmat, haqorat qilish kabi jinoyatlar 4,9 baravarga oshib ketishi kuzatildi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi paytlarda kiberjinoyatlar orasida eng ko‘p tarqalgani plastik kartalar egalaridan SMS-xabarnomada kelgan kodlarni so‘rab, buning evaziga yutuqni berish kabi bahonalar orqali mablag‘larni o‘zlashtirish hisoblanadi.

«Bundan tashqari, hozirgi kunda bank mijozlarining shaxsiy ma’lumotlarini olgan holda mikrokredit qarzlar rasmiylashtirish holatlari juda kuchayib boryapti. Ya’ni, bevosita o‘zimiz to‘g‘rimizdagi ma’lumotlarni bilib-bilmasdan berib qo‘yishimiz oqibatida mikroqarzni olib, uning nomiga rasmiylashtirish kuzatilayapti», — dedi Behzod Mamajonov.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab biror davlat tashkiloti yoki idorasi saytiga buzib kirish holatlari ham avj olgan. «Ularning tarmoqlariga buzib kirish orqali ularga nisbatan zararlar yetkazish holatlari ham kuzatilib turibdi», — dedi IIV vakili.

«So‘nggi oylar davomida shaxsiy ma’lumotlarni egallash va ularni oshkor qilish bilan qo‘rqitish holatlari ham kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Fuqarolarni ularning ma’lumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, tahdid qilib, kerak bo‘lsa pul talab qilish yoki boshqa qandaydir ishlarga majburlash holatlari ham kuzatilayapti», — dedi Kiberxavfsizlik markazi rahbari.

Ta’kidlanishicha, Turkiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilganda aholida internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish orqali ularni ehtimoliy xavflardan barvaqt ogoxlantirish — internetdagi tahdidlarga qarshi kurashishdagi eng samarali usul hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, internet tarmog‘ida sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish, ularni barvaqt oldini olish bo‘yicha bevosita IIV tomonidan birinchi navbatda fuqarolar o‘rtasida faol targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib kelinayotgani aytildi.