Qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyaning Seul shahrida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Mazkur Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi yarim finalda Olimpiada chempioni — 17 jamoa o‘rtasida turnir favoriti hisoblangan Yaponiya terma jamoasini mag‘lub etgan holda ilk bor musobaqa finaliga chiqdi.

Musobaqa avvalida reytingning 13-pog‘onasini band etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Yaponiya bilan tengma-teng kurashdi, ba’zida oldinga ham chiqib oldi. Oxirgi, to‘qqizinchi bahs oldidan hisob tenglashdi — 31:31. Fayzulla Alimov (jahon reytingida 128-o‘rin) Olimpiada chempioni Koki Kanoga (jahon reytingida 9-o‘rin) raqiblik qildi va 5:4 hisobida g‘alaba qozonib, jamoasini Osiyo chempionati finaliga olib chiqdi (video).

Janubiy Koreya terma jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan final bahsida yettita jangdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi 27:24 hisobida oldinga chiqib oldi. Ammo koreyalik qilichboz Yungin Kvon o‘z jangida 8:1 hisobida g‘alaba qozondi, Pak San Yon esa Alimov bilan jang qilgan holda 7:7 hisobidagi ustunlikni saqlab qoldi. Natijada final bellashuvini koreyaliklar o‘z foydasiga hal qildi — 38:35 (video).

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Roman Aleksandrov, Fayzulla Alimov, Nodirbek Mo‘minov, Javohir Nurmatov harakat qilishdi.