Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Iroq yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi futbol bellashuvida tosh otgan 47 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

IIBB xabariga ko‘ra, bahsning 12 daqiqasida uchrashuv hakami tomonidan o‘zbekistonlik darvozabon Abduvohid Ne’matovga qizil kartochka ko‘rsatilib, 11 metrlik jarima to‘pi belgilanganda, muxlislar norozi bo‘lib, plastmassa suv idishi va stakan, oyoq ostidagi beton parchalarini stadionga uloktirgan.

Natijada stadionda fotomuxbir bo‘lib xizmat olib borayotgan fuqaro (1992 y.t.) J.S. qorin bo‘shlig‘idan jarohat olgan. Zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan, uning ahvoli yaxshi bo‘lganligi sababli shu kuni kasalxonadan chiqib ketgan. Fuqaro J.S. unga narsa otgan shaxsga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qilib, ariza yozishdan bosh tortgan.


Voqea yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv natijalariga ko‘ra, ichki ishlar boshqarmasi tomonidan 47 kishi hibsga olingan. Ularning 6 nafari: (1998 y.t.) A.Faxriddin, (1991 y.t.) T.Sarvar, (1984 y.t.) B.To‘xtamurod, (2003 y.t.) J.Bexzod, (2002 y.t.) V.Mexroj, (1998 y.t.) X.Abrorlarga sud tomonidan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.


Bundan tashqari 10 nafar fuqaro 10 sutka ma’muriy qamoq, 3 nafari jarima jazosiga tortilgan, 28 nafariga nisbatan surishtiruv davom etmoqda.